Prezidentimizning tashabbusi bilan paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgani bugun oʻz samarasini bermoqda. Viloyatning 11 ta tumanlarida paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan moʻl hosil yetishtirilgani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.
Joriy yilda 1 538 ta fermer xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan 82 ming gektardan ziyod maydonda gʻoʻzaning “Xorazm-150”, “Xorazm-127”, “Sulton”, “Buxoro-102”, “S-8294” navlari ekilib, agrotexnik qoidalar asosida parvarishlandi.
Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga fermer xoʻjaligi aʼzolarini va 107 ming nafardan ortiq ish bilan band boʻlmagan uyushmagan aholini ixtiyoriy jalb etish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrildi.