Xorij fuqarosi oʻzbek ayoliga 75 mln soʻm aliment toʻlashiga toʻgʻri keldi

    Shahrixon tumanida tugʻilgan A.Yu. bolalari taʼminoti uchun mablagʻ yuborib turishini maʼlum qilib, Rossiya federatsiyasiga ishlash uchun chiqib ketgan va ularni taʼminotsiz qoldirgan.

    Shundan soʻng, M.U. 2020-yilda aliment undirish boʻyicha sud buyrugʻini Byuroning Shahrixon tuman boʻlimiga topshirib, sobiq turmush oʻrtogʻi A.Yu.dan aliment pullari undirib berilishini soʻragan. Qarzdor A.Yu. chet davlatida boʻlganligi sababli, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilingan.

    Ijro harakatlari davomida qarzdorning mamlakat hududidan chetga chiqish huquqlari cheklab qoʻyilgan.

    2024-yilda qarzdor A.Yu. yurtimiz hududiga qaytganligi aniqlanib, ijro harakatlari davom ettirilgan. Hozirda Rossiya federatsiyasi fuqaroligini olganligi va qaytib ketishi zarurligini maʼlum qilib, A.Yu. oʻziga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qildirish maqsadida aliment qarzlarini toʻlashini bildirgan.

    Ijro harakatlari davomida A.Yu. sobiq turmush oʻrtogʻi M.U.ga jami 75 mln soʻm, yaʼni aliment qarzi bilan birgalikda oldindan 15 mln soʻm toʻlovni ham amalga oshirdi.

    Taraflar kelishuviga muvofiq, ijro ishi tamomlanib, qarzdorga qoʻyilgan cheklovlar bekor qilindi.