Umuman, saylov kampaniyasini oʻtkazish, saylovchilarni xabardor qilish bilan bogʻliq barcha jarayonlar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilmoqda. Birinchilardan boʻlib sayyoramizning sharqida joylashgan davlatlarda mamlakatimiz fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatiga ega boʻlishdi. 14-oktyabr kuni Koreya Respublikasida ham soat 9:00 dan muddatidan avval ovoz berish yoʻlga qoʻyildi. Bu kabi muddatidan oldin ovoz berish punktlari mazkur mamlakatning bir necha shaharlarida tashkil qilingan.
Koreya Respublikasining Incheon shahridagi INHA universitetida 300 nafar oʻzbekistonlik yoshlar tahsil oladi. Yigit-qizlarda yangi Oʻzbekiston kelajagiga daxldorlik hissi juda ham yuqori. Bekzod Muhammadaliyev ana shulardan biri. U ingliz tilida bemalol muloqot qila oladi. U bilan onlayn tarzda suhbatlashib, taassurotlariga qiziqdik.
Behzod MUHAMMADALIYEV, Koreyaning INHA universiteti talabasi, yosh saylovchi
— Mazkur nufuzli universitetning Xalqaro biznes va savdo-sotiq yoʻnalishining 3-bosqich talabasiman. Oʻzim Namangan viloyati, Namangan tumanida tugʻilib, voyaga yetganman. Hozirda biz konstitutsiyaviy huquqlarimizdan foydalanib, barcha talabalar bilan birga Markaziy koʻchma saylov uchastkasiga oʻz arizamiz bilan chiqdik va shunga koʻra, muddatidan oldin Prezidentlik sayloviga yetib keldik. Saylov uchastkasida barchasi yaxshi tashkillashtirilgan. Ayniqsa, tashrif buyurgan saylovchilarga davlatimiz ramzlari tushirilgan kepka, futbolka va boshqa esdalik sovgʻalari ulashilgani bizni behad quvontirdi, ona yurtimizga boʻlgan faxr-iftixorimiz yanada joʻsh urdi. Qolaversa, bu yerda nomzodlar, tartib-qoidalar bilan tanishish chogʻida bemalol kofe, choy va shirinliklardan bahramand boʻlish mumkin. Aslida, men avvaldan ijtimoiy tarmoqlar orqali nomzodlar va ularning dasturi bilan xabardor boʻlib kelayotgandim.
Kamina hozir oʻzgacha xursand, ayni paytdagi siyosiy jarayon men uchun hayotimda unutilmas voqea, esda qolarli sana sifatida xotiramda muhrlanib qoladi. Chunki Oʻzbekiston Prezidentligiga oʻtkazilayotgan saylovda ilk marta, xorijda turib va birinchilar qatorida ishtirok etdim. Oʻzbekiston Prezidentligiga munosib deb hisoblagan nomzodimga ovoz berdim. Shaxsiy tanlovim muhim oʻringa ega va alohida ahamiyatli, deb oʻylayman.
Onlayn suhbatni “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Orifjon JOʻRAYEV yozib oldi.