Xorijda olingan taʼlimni tan olish tizimi yengillashtiriladi

    Oʻzbekiston xorijda olingan taʼlimni tan olish boʻyicha global konvensiyaga qoʻshilmoqda.

    Bu haqda Qonunchilik palatasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Oliy taʼlimga oid malakalarni tan olish toʻgʻrisidagi global konvensiyani (Parij, 2019-yil 25-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

    Mazkur hujjat — Birlashgan Millatlar Tashkilotining oliy taʼlim sohasiga oid birinchi global shartnomasi boʻlib, u dunyo boʻylab oliy taʼlim muassasalariga kirish va ular oʻrtasida akademik mobillikni kengaytirishga xizmat qiladi.

    Qonunda taʼlim hujjatlari va malakalarni tan olishning universal tamoyillari belgilangan boʻlib, u adolatli, shaffof va kamsitilmaydigan asosda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

    Ratifikatsiya natijasida xorijda olingan diplom va malakalarni tan olish jarayoni yanada yengillashadi, bu esa oʻz navbatida talabalar, oʻqituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro miqyosda erkin harakatlanishiga keng imkoniyat yaratadi.

    Shu bilan birga, ushbu konvensiya Oʻzbekistonga taʼlim sohasidagi yetakchi davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy hamkorlik va akademik almashinuvlarni kengaytirish imkonini ham beradi.