Xorijda taʼlim olayotgan talabalar ham SCHR harbiy xizmatni oʻtashlari mumkin

    Harbiy 31 May 2021 1703

    Bu haqda AOKAda boʻlib oʻtayotgan brifingda Mudofaa vazirligi boshqarma boshligʻi Ulugʻbek Qodirov maʼlum qildi.

    Xorijda tahsil olayotgan yoki ishlab yurgan fuqarolarga oʻz zimmasidagi xizmat burchini oʻtashi uchun qanday qulayliklar mavjud?

    ➖Xorijiy taʼlim muassasasi yoki boshqa oliy taʼlim muassasasi talabalari faqat taʼtilga chiqqan vaqtlarida SCHR xizmati oylik harbiy yigʻinlarini oʻtaydilar.

    Mazkur masalada muammo va savollar paydo boʻlsa Mudofaa vazirligining ishonch telefoniga 71-269-84-23 murojaat qilishingiz mumkin.

    Egizaklar harbiy xizmatni birgalikda oʻtaydilarmi? Ularning biri SCHR, ikkinchisi bir yillik xizmatga borishni xohlasa, ularning xohishi inobatga olinadimi?

    ➖Egizaklarni muddatli harbiy xizmatga jalb etish jarayonida avvalombor ularning Tanlov kengashi tomonidan muddatli harbiy xizmatga tavsiya etilganligi, jismoniy holati va asosiysi sogʻligining holati inobatga olinadi.

    Agarda ularning biri SCHR, ikkinchisi bir yillik xizmatga borishni xohlasa, yuqoridagi holatlar inobatga olingan holda tegishli qaror qabul qilinadi.

    Men armiya saflarida xizmat qilishga juda ham qiziqaman. Shuning uchun muddatli harbiy xizmatdan soʻng xizmatimni shartnoma boʻyicha davom ettirishim mumkinmi?

    ➖Fuqaro muddatli harbiy xizmatni oʻtash davomida oʻzi xizmat qilayotgan harbiy qism komandiri nomiga xizmatni kontrakt boʻyicha davom ettirish yuzasidan bildirgi orqali murojaat qilishi mumkin.

    Harbiy xizmatga chaqiriluvchi muddatli xizmatni oʻtash hududini yoki qoʻshinlar turini oʻz xohishi bilan tanlasa boʻladimi? Masalan, men yoshligimdan sport bilan shugʻullanganim va issiq hududda istiqomat qilishim bois desant yoki sport boʻlinmalarida hamda Fargʻona vodiysida xizmat qilishni xohlardim.

    ➖Chaqiruv jarayonida chaqiruv yoshidagi fuqaro harbiy xizmatni oʻtamoqchi boʻlgan qoʻshin turini tumanlardagi Butlash komissiyalari yoki Rahbariyat kengashlariga maʼlum qilishlari mumkin. Bunda ularning qiziqishi, tayyorgarligi, jismoniy tayyorgarlik holati va boshqa xususiyatlari inobatga olingan holda oʻzi xoxlagan qoʻshin turi vakillari bilan suhbat oʻtkazish imkoniyati beriladi.

    Shuningdek, muddatli xizmatni oʻtash hududini tanlash huquqiga ega emas.