Xorijdagi bir qator diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Toshkent viloyatida boʻldi

    Mamlakatimizda 13 Dekabr 2021 1092

    Oʻzbekistonning xorijdagi bir qator diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Toshkent viloyatiga tashrif buyurdi.

    Toshkent viloyati hokimligi tashabbusi bilan Oʻzbekistonning 30 dan ortiq xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari Toshkent viloyatida boʻldi.

    Dastlab, mahalliy va xorijiy hamkorlarning bir qator loyihalari taqdimoti, jumladan, “Angren EIZ” da 30 dan ortiq investitsiya kiritilishi lozim boʻlgan obyektlarning imtiyozli shartlari bilan tanishishdi.

    Taʼkidlanganidek, Toshkent viloyatida ham xorijiy, ham mahalliy investorlar uchun katta salohiyat va imkoniyatlar bor. Lekin, xorijiy investorlarga yaratilayotgan imtiyozlar bilan birga soliq, bojxona tizimida hal etilishi lozim boʻlgan ayrim masalalar borligi oʻrtaga tashlandi.

    Shuningdek, “Nurafshon biznes siti”ni qurish boʻyicha horijiy investorlarni taklif qilish masalasi muhokama etildi. Mazkur hududning infrastrukturasi, kommunikatsiya tizimi boʻyicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berildi.

    Tadbir doirasida Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari hududlarda boʻlib, oʻrganish olib bordi.

    Jumladan, Oʻzbekistonning Italiyadagi elchisi O. Akbarov Angren shahridagi keramik plitalar va kafellar ishlab chiqarish korxonalarida boʻlib, soha mutaxassislarini jalb qilish hamda zaruriy uskunalar yetkazish borasida takliflarni ilgari surdi, deb xabar beradi Toshkent viloyat hokimligi matbuot xizmati.