– Rossiyadagi oʻquv kurslariga oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari qay tartibda qabul qilinadi?
– Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya aʼzolari 16–29-sentyabr kunlari Rossiyaga borib, ushbu davlatdagi mehnat muhojirlarini rus tili va kasb-hunarga oʻrgatish boʻyicha oʻquv darslarining joriy etish imkoniyatlarini oʻrgandi.
Tashrif doirasida Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (“RUDN”) hamda World Skills Russia (Rossiyaning yosh mutaxassislari) tashkiloti oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida uch tomonlama memorandum imzolandi. Ushbu memorandumga asosan Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk shaharlarida oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga oʻqitish yoʻlga qoʻyildi.
Oʻquv kurslarida fuqarolar rus tilini oʻrganishi, qurilish, xizmat koʻrsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik sohalarida 25ta kasb boʻyicha oʻqitilishi koʻzda tutilgan. Yaʼni migrantlar Rossiya bozoridagi talab yuqori boʻlgan, yuqori oylik toʻlanadigan kasblar – qurilish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi va boshqa sohalar boʻyicha oʻqitiladi.
Oʻquv kurslariga talabgorlar Telegramʻdagi @uzrivoj_bot orqali qabul qilinadi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu botning savollariga berilgan javoblar asosida mutaxassislarimiz talabgorlar bilan bogʻlanishadi.
Bugungi kunda Telegram-bot orqali murojaat qilgan 1131 nafar fuqaro Rossiyadagi oʻquv kurslariga jalb etilgan boʻlib, Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk shaharlarida oʻqish jarayoni boshlangan. Novosibirsk shahrida 15 kishi tezlashtirilgan oʻquv jarayonini tamomlab, malaka pasportini ham qoʻlga kiritishga ulgurdi.
– Oʻquv kurslari qancha vaqt davom etadi va u nimalarni oʻz ichiga oladi?
– Aslida oʻquv kurslari uch oyga moʻljallangan. Bunda kuniga ikki soatdan mashgʻulotlar boʻlishi koʻzda tutilgan. Lekin kursda tahsil oluvchilarning kunlik boʻsh vaqtlari koʻp boʻlsa, mashgʻulotlar kuniga ikki soatdanmas, balki toʻrt yoki olti soatdan tashkil etilishi mumkin. Bu fuqarolarimizning holati va sharoitlariga bogʻliq. Biz fuqarolarimizga qulay boʻlishi uchun har qanday oʻzgarishlarga tayyormiz.
Rossiyaga kelgan oʻzbekistonliklarda koʻpincha boʻsh vaqt boʻlmaydi, ishlab charchashgani bois oʻquv kurslariga qatnab oʻqiy olmasliklari mumkin. Ish beruvchi korxona yoki zavod hududini tark etishga ruxsat bermasligi mumkin. Shunday vaziyatlarda oʻquv mashgʻulotlarini ishdan keyin, kechki paytlarga ham tashkillashtirib beramiz. Agar istashsa, oʻqituvchilar ular yashaydigan yotoqxonalarga borib ham dars berishlari mumkin. Bunda faqat til oʻrgatiladi. Qaysidir kasb boʻyicha mashgʻulotlar maxsus jihozlangan oʻquv xonalarida boʻlib oʻtishi kerak, shu bois bunday oʻquv kurslariga qatnab oʻqish talab etiladi.
Bundan tashqari, kurslarga har kuni qatnab oʻqishga imkoni boʻlmaganlar uchun oʻquv markazlarida yotoqxona tashkil etiladi. Kurslar va yotoqxona boʻyicha barcha xarajatlar Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi va mehnat migrantlari uchun mutlaqo bepul.
– Oʻzbekistonlik mehnat muhojirlariga dars beradigan oʻqituvchilar qanday tanlab olinadi?
– Ushbu savolga World Skills Russia tashkiloti misolida javob beradigan boʻlsam, u Rossiya boʻyicha koʻplab oʻquv markazlari – kasb-hunar kollejlari bilan hamkorlik qiladi. U yerdagi mutaxassislar Rossiyadagi ish beruvchilarning talablari darajasida bilim bera oladigan oliy malakali oʻqituvchilar sanaladi.
Migrantlarimiz qaysi oʻquv markazi yoki kollejda oʻqishmasin, World Skills Russia tashkiloti ularga beriladigan taʼlim sifati uchun masʼul hisoblanadi. Chunki oʻquv kurslari fuqarolarimizga bepul boʻlgani bilan biz oʻquv jarayoni uchun kelishuvda belgilangan tartibda pul toʻlaymiz. Shunday ekan, biz oʻqituvchilarning malakali, oʻquv jarayonining sifatli boʻlishini talab qilishga haqlimiz.
Taʼkidlash kerak, boʻlajak mehnat migrantlarini tadbirkorlik koʻnikmalari, xorijiy tillar va kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun ketishdan oldin davlat va nodavlat muassasalariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan har bir taʼlim oluvchi uchun bir oyda bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdorida grantlar ajratilmoqda.
Oʻquv kurslarini tugatganlarga Worldskills standartlari asosida oʻqiganlikni tasdiqlovchi va malaka darajasini koʻrsatuvchi skills passport (malaka pasporti) beriladi. Malaka pasportini qoʻlga kiritgan shaxs oddiy ishchi emas, balki muayyan soha boʻyicha mutaxassis hisoblanadi va ularga oddiy ishchilarga qaraganda yuqoriroq oylik toʻlanadi.
Shu oʻrinda vatandoshlarimiz bepul oʻquv kurslari bilan bogʻliq savollariga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakillaridan atroflicha javob olishlari mumkinligini eslatib oʻtmoqchiman. Ular bilan quyidagi jadvalda koʻrsatilgan raqamlar orqali bogʻlanish mumkin:

Hozircha oʻquv kurslari Rossiyaning Oʻzbekiston fuqarolari eng koʻp boradigan beshta shahrida tashkil etilgan boʻlsa, kelgusida fuqarolarimizning talab-istaklari asosida boshqa shaharlarda ham ana shunday kurslar faoliyati tashkil etilishi mumkin.
Jamshid Niyozov suhbatlashdi