Xorijdagi vatandoshlar manfaatlari ham inobatga olinganligini eʼtirof etildi

    Kecha mamlakatimizning Qohira shahridagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan 26-referendum uchastkasida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumda muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.

    Referendum uchastkasida O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot va referendum mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumotlar, video, fotomateriallar, inforgrafik plakatlar o‘rnatilgan.

    Misrdagi fuqarolarimiz Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar huquqiy jamiyat barpo etishni ko‘zlagan holda amalga oshirilayotganini, unda xorijdagi vatandoshlar manfaatlari ham inobatga olinganligini eʼtirof etayaptilar.

    Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasi tashkil etilgan.

    Eng yaqin referendum saylov uchastkalari haqidagi maʼlumotni “Dunyo” AA tomonidan ishlab chiqilgan va 74 mingdan ortiq kishi foydalangan uchastka saylov komissiyalari manzillarining elektron xaritasidan olish mumkin.