Qonunda, xususan, 90 kun va undan ziyod muddat davomida chet elda boʻlib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan fuqarolar, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, shuningdek, mamlakatga mehnat faoliyati maqsadida kirib kelayotgan xorijiy shaxslarni majburiy OIV/OITS tibbiy koʻrigidan oʻtkazish belgilanmoqda.
Tekshiruv Oʻzbekiston fuqarolari uchun Davlat byudjeti hisobidan, chet elliklar uchun esa oʻz mablagʻi yoki ish beruvchi hisobiga amalga oshiriladi. Shu bilan birga, OIV/OITS va sil kasalliklari aniqlangan taqdirda, bunday shaxslarga Oʻzbekistonda mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma rad etiladi.
Qonun bilan shuningdek, xorijda ish izlayotgan fuqarolarni qabul qiluvchi mamlakat qonunchiligi va qoidalari boʻyicha oʻqitish xususiy bandlik agentliklari uchun majburiy shart etib belgilandi.
Senatorlar ushbu qonunni aholi salomatligini muhofaza qilish va mehnat migratsiyasida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgan muhim tashabbus sifatida baholadilar.
Maʼlumot uchun, 2024-yilda uzoq muddat chet elda boʻlib qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 434 mingi yoki 25 foizi ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan.
Ularning 1 512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Shuningdek, 2024-yilda 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan hamda ularning 81 nafari bunday kasallikka chalingani aniqlangan.









