Xorijiy davlat elchilari Prezident maktabi faoliyati bilan tanishdi

    Prezident ta'lim muassasalari agentligi tomonidan Toshkent shahridagi Prezident maktabida xorijiy davlatlarning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuv doirasida o'quv dasturlari, adabiyotlar va jihozlar, malakali pedagoglar va moliyaviy grantlar jalb qilish bo'yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan muhokama olib borildi.

    Mazkur tanishtiruv uchrashuvida Germaniya, Hindiston, Shvetsariya, Turkiya, Latviya, Italiya, Koreya davlatlari elchilari hamda KOICA, Unicef va UNESCO tashkiloti vakillari ishtirok etib, maktab faoliyati, shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

    Dr. Tilo Klener, Germaniyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

    — Prezident maktablari faoliyati nihoyatda muhim loyiha va men bugungi tashrifim davomida maktabdagi ta'lim tizimi, imkoniyatlari haqiqatda yuqori darajada ekanligiga amin bo'ldim.

    Shuningdek,“Yangi O'zbekiston” universiteti Germaniyaning eng nufuzli universitetlaridan biri bo'lgan Myunxen texnika universiteti bilan hamkorlikda ish olib boradi. Aniq ayta olaman-ki, bu Universitet nafaqat O'zbekiston yoshlari uchun o'ziga xos imkoniyat, balki ikki davlatning do'stona hamkorligi namunasi hamdir. Ushbu hamkorlikdan umidimiz katta!

    Dr. Olgan Bekar, Turkiyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

    — Prezident maktablari juda yaxshi loyiha. Mazkur ta'lim dargohi yurtingizdagi iqtidorlarni kashf etishda hamda ularni jamiyat taraqqiyoti uchun foydali kadrlar qilib etishtirishda muhim rol o'ynaydi. Biz ham O'zbekistonning ta'lim sohasidagi loyihalarini qo'llab-quvvatlagan holda, kelajakda bu borada ikki tomonlama loyihalar ishlab chiqishga alohida ahamiyat beramiz. Aytish mumkinki, bu maktab menda chuqur taassurot qoldirdi. Men bu maktablar loyihasiga mehnati singgan jamoaga alohida tashakkur izhor etmoqchiman.

    Munir Mamedzade, Unicef tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

    — Bunday yuksak darajadagi maktablarning nafaqat mamlakat poytaxtida, balki barcha hududlar markazida tashkil etilishi quvonarli hodisadir. Bu erdagi ta'lim sifati o'quvchilarga bugungi mehnat bozorida qadrlanadigan kasb egalari bo'lib etishishlariga yordam beradi. Prezident maktablarining xususiy shaklda bo'lmay, balki davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi alohida ahamiyatga ega. Prezident maktablari tajribasining keyinchalik mamlakatdagi barcha maktablarga joriy etilishi ko'zda tutilgan. Men bugungi uchrashuvdan juda katta taassurot oldim. Umid qilaman-ki, bu turdagi maktablar tahsil oluvchilari yangi-yangi muvafaqqiyatlarni qo'lga kiritishda davom etadi.

    Manish Prabhat, Hindistonning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

    — Prezident maktabidagi shart-sharoitlar va zamonaviy jihozlangan sinfxonalar menda alohida taassurot uyg'otdi. Biroq, meni hayratga solgani bu ayniqsa ushbu maktab o'quvchilari bo'ldi. Ularning bilim-salohiyati, o'ziga ishonchi va fikrini aniq tushuntira olish mahorati mazkur maktabda olib borilgan ta'lim tizimining nihoyatda to'g'ri tashkil etilganligini ko'rsatadi. Ushbu Prezident maktablarini respublikadagi eng namunaviy maktablardan deb ishonch bilan aytishim mumkin.

    Konstantin Obolenskiy, Shvetsariyaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi:

    — Prezident maktablari iqtidorli o'quvchilari va chiroyli binosi bilan menda alohida taassurot qoldirdi. Ta'lim — taraqqiyotning asosidir. Bugungi kunda ilmga asoslangan ta'lim bilan bir qatorda texnik ta'lim ham alohida ahamiyatga ega. Zero, har bir jamiyat zamonaviy texnologiyalarga va yaxshi kadrlarga, bu borada esa shubhasiz sifatli ta'limga ehtiyoj sezadi. Shvetsariya mazkur sohada O'zbekiston bilan hamkorlik aloqalariga ega. Hududlarda ham Prezident maktablarining tashkil etilishi, birinchi navbatda xalqqa — odamlarga yaqinroq borish va butun mamlakat bo'ylab iste'dodlarni topishga yordam beradi.

    Aleksandros Makarigakis, UNESCOning Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari:

    — Prezident maktabidagi birinchi tashrifim chin ma'noda esda qolarli bo'ldi. Maktabdagi o'qitish tizimi xalqaro standartlarga mos tashkil etilganligiga guvoh bo'ldim. Xususan, o'quvchilarni mantiqiy fikrlashiga qaratilgan darslar tashkil etilgani bu o'rinda juda ahamiyatli. Shu bilan birga, matematikani chuqurlashtirib o'qitilishi, ushbu fanga qiziqishni yanada rag'batlantirilishi meni quvontirdi. Umuman olganda, Prezident maktabining zamonaviy kasblarga yo'nalganligi va xalqaro tajribaga asoslanganligi ushbu maktabning o'ziga xos jihatlaridan biridir.