Bu haqda AOKAda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxoʻja Norov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda maʼlum qilindi.
Taʼkidlanishicha, shu kunlarda Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Litva, Buyuk Britaniya, Polsha, Latviya, Yaponiya, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qurilish, qishloq xoʻjaligi, yuk avtomobil haydovchisi, payvandlash, elektrik, IT kabi sohalar boʻyicha 154 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari aniqlangan.
Masalan, Germaniyaning 25 ta ish beruvchi tashkiloti bilan 60 mingga yaqin fuqaroni tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalariga toʻgʻridan toʻgʻri va Ausbildung (dual taʼlim) asosida ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Ularga oʻrtacha 2100 AQSH dollari ish haqi taklif qilinmoqda.
Britaniyada tibbiyot yoʻnalishida 10 ming va mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga 3 ming ish oʻrniga talabnoma olingan. Ish haqi 2500 AQSH dollari.
Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya va Yevropaning boshqa davlatlariga 26 mingdan ortiq fuqaroni yuk avtomobili haydovchisi, ishlab chiqarish, qurilish va xizmat koʻrsatish sohalariga ishga yuborish boʻyicha loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularga oʻrtacha 1400 AQSH dollari ish haqi taklif qilinmoqda.
Bu yil ilk marotaba Janubiy Koreyaga ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, qurilish, kemasozlik, togʻ-konchilik va oʻrmonchilik sohasiga 13 700 ish oʻriniga kvota olindi. Oylik ish haqi oʻrtacha 2000 AQSH dollari. Bu 2022-yilga nisbatan 6 baravar, 2023-yilga nisbatan 1,5 baravarga koʻp.
Ushbu boʻsh ish oʻrinlari boʻyicha xorijiy tillarni biladigan hamda malakaga ega nomzodlar oʻzlari toʻgʻridan-toʻgʻri yoki mahalladagi hokim yordamchilari orqali murojaat qilishlari mumkin.