Xorijiy ekspert: “Hozir dunyoda pandemiyaning yangi toʻlqini boshlangan”

    Salomatlik 5 Iyul 2022 2132

    Keyingi haftalarda “omikron” shtammining yangi mutatsiyalari keng tarqalishi tufayli Yevropa va Amerikada kasallanish holatlari soni ortishi kuzatilyapti.

    Rossiyaning N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi, virusolog A.Altshteyn fikricha, hozir dunyoda pandemiyaning yangi toʻlqini boshlangan.

    “Bunga avvalgi mutatsiyalarga nisbatan tezroq tarqalayotgan subvariantlar sabab boʻlyapti, — deydi olim. — Ularga VA.3, VA.4, VA.5 singari nomlar berilgan.

    Oqibatda dunyo boʻyicha kuniga oʻrtacha 700-800 ming kishi COVID-19ni yuqtiryapti. Shunga qaramay, oʻlim koʻrsatkichlari keskin pasaygani ijobiy holat.

    Masalan, koronavirusning Uxan varianti tarqalgan paytda xastalik asoratlari tufayli hayotdan koʻz yumayotganlar soni ancha yuqori — jami bemorlarning 5-6 foiziga teng edi.

    Toʻgʻri, oʻsha paytda yangi paydo boʻlgan bu nomaʼlum kasallikni davolash borasida hali yetarli tajriba boʻlmagan. Ammo bu oʻrinda virusning biologiyasi ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etgandi.

    Asta-sekin oʻlim koʻrsatkichlari 2 foizgacha kamaydi. “Delta” shtammi tarqala boshlaganda, bemorlarning 1,5 foizi vafot etishi qayd etildi. “Omikron” shtammida esa bu raqamlar 0,5-0,4 foizgacha tushdi”.

    Virusologning taʼkidlashicha, joriy yil boshida koʻplab mamlakatlarda epidemiologik vaziyat yomonlashib, dunyo aholisi koronavirusning yangi toʻlqiniga duch keldi.

    Keyin esa kasallanishlar soni sekin-asta pasaydi. Ammo koʻp oʻtmay “omikron”ning VA.2 versiyasi tufayli yana oʻsish dinamikasi qayd etila boshladi.

    “Hozir dunyo navbatdagi murakkab epidemiologik vaziyat bilan yuzma-yuz keldi, — deydi A.Altshteyn. — Lekin, oʻylashimcha, uning asoratlari avvalgidek katta boʻlmaydi. Chunki virus borgan sari zaiflashyapti”.

    Shunga qaramay, mutaxascislar koronavirusga qarshi toʻliq bosqichda va buster dozada emlanish kasallikdan himoyalanishning eng samarali yoʻli, degan qatʼiy va yakdil xulosada, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.