Unda bildirilishicha, Markaziy saylov komissiyasi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, mamlakatimizning chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish va boshqa masalalar koʻrib chiqildi.
Bu yilgi Prezident saylovi global pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab epidemiologik sharoitda boʻlib oʻtmoqda. Demak, saylovni tashkil etish va oʻtkazishda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash dolzarb vazifa sanaladi. Shu maqsadda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha yoʻriqnoma ishlab chiqilgan. Unda saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi aʼzolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun karantin qoidalariga rioya qilish talablari aks ettirilgan.
Qayd etilganidek, okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi chiziqlar boʻlishi lozim. Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga kamida bir nafar tibbiyot xodimi biriktiriladi. Saylov okrugi hududida epidemiologik vaziyatning kunlik tahlili Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi xususida ham maʼlumot berildi. Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Farhod Arziyevning aytishicha, Saylov kodeksining 10, 14 va 16-moddalariga muvofiq hamda Tashqi ishlar vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish haqidagi taqdimnomasiga asosan, mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi 54 ta saylov uchastkasi tuziladi. Qonunchiligimizga muvofiq, ushbu saylov uchastkalari Tashqi ishlar vazirligi joylashgan hududdan kelib chiqib Toshkent shahri saylov okrugiga biriktiriladi.
Nafaqat xalqimiz, balki dunyo jamoatchiligi katta qiziqish bilan kuzatayotgan mazkur muhim siyosiy tadbir bilan bogʻliq jarayonlarni xalqimizga va jahon ommasiga xolis va haqqoniy yetkazishda matbuotning oʻrni beqiyos. Shu bois, saylovga tayyorgarlik va uni oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni yoritishda ommaviy axborot vositalari faolligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Markaziy saylov komissiyasi qaroriga muvofiq, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari soni 766 nafar, xorijiy jurnalistlar soni 48 nafarni tashkil etmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga tadbir tashkilotchilari atroflicha javob qaytardi.
Bahor XIDIROVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri