Rossiya kinokompaniyalari va telekanallarining ijodiy guruhlari Oʻzbekistonga Navroʻz bayrami bilan bogʻliq goʻzal va oʻziga xos marosimlarni suratga olish, shuningdek, “Yangi Oʻzbekiston” haqida hujjatli filmlar tayyorlash uchun yetib kelgan. Shu kunlarda suratga olish ishlari Oʻzbekistonning turli hududlarida olib borilmoqda.
“Rossiya-1” telekanalining suratga olish guruhi lokatsiyalar va spikerlarni izlab Toshkent, Samarqand va Buxoroga tashrif buyurishdi. “Yorqin, quyoshli va nihoyatda samimiy Oʻzbekiston ilk soniyalardanoq yuraklarni zabt etdi. Bizni har bir shahar va qishloqda eng aziz mehmonlar kabi kutib olishmoqda. Chin qalbdan, chin yurakdan! Toʻgʻri tushuning, men buni boshqa taʼriflashning ilojini topolmadim. Bunday muomala bu yerda eʼtiqod shakli, turmush tarzidan kelib chiqadi. Biz Oʻzbekistonni aynan shunday – ochiqkoʻngil, mehmondoʻst va yangilangan, ammo koʻp asrlik anʼanalariga sodiq qolgan yurt sifatida koʻrsatishga harakat qilamiz”, – deydi “Rossiya-1” telekanali muxbiri Olga Armyakova. Syujetlar “Rossiya-1” telekanali efirida kuni kecha Dmitriy Kiselyovning “Vesti nedeli” dasturi orqali namoyish etildi.
Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish joizki, rossiyalik hamkorlar bilan loyihalarimiz Butunjahon jamiyatining IV xalqaro Kongressida “Oʻzbekkino” Milliy agentligi va Rossiya kinoijodkorlari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar va memorandumlarga muvofiq amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Rossiyadan tashqari biz Euronews, BBC, CNBC va boshqa kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻydik. Hozirgi kunda agentlik yana bir qator yetakchi xorijiy telekanallar va kinokompaniyalar bilan ham qoʻshma loyihalarni imzolash bosqichida turibdi”, - deydi “Oʻzbekkino” MA Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov.
“Masterskaya” kinokompaniyasining suratga olish guruhi Navroʻz bayrami haqida film suratga olish uchun toʻgʻri Boysunga yoʻl oldi. Bu kino guruhi rahbari Saida Medvedevaning Oʻzbekiston haqidagi birinchi filmi emas. Bundan bir necha yil “Rossiya-2” telekanalida uning “Oʻzbekiston – qumliklar javohiri”, “Qoraqalpogʻiston – vaqt qumlari oralab” va boshqa filmlari muvaffaqiyatli namoyish etilgan, mazkur filmlar EOAVMA bilan hamkorlikda ishlangan. Oʻshanda suratga olish guruhi ijodkorlari milliy shoyi matosining sirlarini, koʻhna Samarqand qogʻozining pishiqligini, milliy taomimiz palovning betakror taʼmini va oʻzbek nonlarining xushboʻyligini kashf etishgan edi. Bugun esa “Oʻzbekiston. Yangilanayotgan tarix” nomli yangi film suratga olinmoqda. Film Respublikamiz Mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlanadi.
“Hammamizga maʼlumki, Oʻzbekistonning tarixi juda boy va murakkab davrlarni oʻzi ichiga oladi, shuning uchun bu davlatning hozir nimaga intilayotgani, mamlakatda qanday iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar amalga oshirilayotgani biz uchun juda qiziqarli”, – deydi Saida Medvedeva.
“Divi” kinokompaniyasi “Rossiya-Kultura” telekanali uchun “Asrlar qaʼridan kelgan maktublar”, “Dasturxon tafti va saxovati”, “Quyoshli madaniyatlar tutashuvi”, “Quyoshga ostidagi zamin” nomlari ostida Oʻzbekistonning anʼanalari, madaniyati va tarixi haqida toʻrtta hujjatli filmni suratga olish uchun uchib keldi. “Oʻzbekiston chindan ham diqqatga sazovor joymi yoki yoʻqmi, deb muhokama qilish, bu-ortiqcha gap. Chunki, bu zaminda gʻaroyib tarixiy-madaniy landshaftlar, meʼmorchilikning yuksak namunalari joylashgan. Bu ajoyib mintaqadagi nur va quyoshning jilvakor oʻyinlarini tasvirga olish esa har qanday kinematografning orzusidir”, - deydi “Oʻzbekiston, Sevgi afsonalari” va “Oʻzbekiston. Erishilgan ochiqlik” filmlari bilan tanilgan rejissyor Yelena Kojevnikova.
Va nihoyat, rejissyor Nikita Snegov va tasvirchi Nikita Rozovlardan iborat, “DokuMentalist” kinokompaniyasining suratga olish guruhi, Valdis Pelsh prodyusserlik qilayotgan “Oʻzbekiston. Oʻtmish. Bugun. Kelajak” nomli hujjatli film ustida ish boshlaydi. “Biz insoniyat tomonidan amalga oshirilgan kashfiyotlari hayotda, meʼmorchilikda, tibbiyotda va hayotning boshqa barcha sohalarida gʻaroyib, juda goʻzal oʻzgarishlarga olib keladigan, Oʻzbekistonning 30-40 yil keyingi kelajagiga nazar solishga harakat qilamiz”, - deydi Valdis Pelsh.
“Oʻzbekkino” milliy agentligi axborot xizmati











