Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish zaruratmi yoki ehtiyoj?

    Bugungi kun-globallashuv davridir. Bu davr insoniyatning zamon bilan hamnafas odimlashini talab etadi. Shu boisdan, turli soha mutaxassislari oʻz ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarni bilishi va muloqot qila olishi maqsadga muvofiq.

    Prezidentimizning 2021-yil, 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi.

    Bugungi kun-globallashuv davridir. Bu davr insoniyatning zamon bilan hamnafas odimlashini talab etadi. Shu boisdan, turli soha mutaxassislari oʻz ona tilini mukammal bilish bilan bir qatorda, bir nechta xorijiy tillarni bilishlari va muloqot qila olishlari maqsadga muvofiq. Buning uchun xorijiy tillarni oʻrganish va oʻqitish tizimini yanada zamonaviy metodlar bilan takomillashtirish hamda chet tillarini oʻrganishga boʻlgan motivatsiyani oshirish nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

    Internet saytlarida xorijiy tillarni oʻrganishga bagʻishlangan “Inglizcha “dunyoning sevimli tili ” boʻlib qola oladimi?”, “Chet tili faqat “english”mi?” sarlavhalari ostida yozilgan bir nechta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalarda mualliflar xorijiy tillarni oʻqitish faqatgina ingliz tili bilan cheklanib qolishi kerak emasligiga urgʻu beradilar.

    Darhaqiqat, xorijiy tillar deganda koʻz oʻngimizda barcha chet mamlakat tillari namoyon boʻlsa-da, afsuski, mamlakatimizda maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim tizimida bu borada oqsash yaqqol seziladi. Negaki, deyarli davlat tasarrufidagi barcha oʻrta maktablarda shu kunga qadar asosan ingliz tili chet tili sifatida oʻrgatib kelinmoqda edi. Biroq Prezidentimiz tashabbusi bilan bugungi kunda taʼlim muassasalari, tarmoqlar va hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, kamida 10 ta chet tilini — ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab, fors tillarini oʻrgatishni tashkillashtirishdek dolzarb masala kun tartibiga qoʻyilgan.

    Bugungi kunda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi tomonidan bu borada bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Til oʻrganish va oʻqitish borasida dunyoning yetuk olimlari tajribasida samarali natija berib kelayotgan oʻqitish metodikalari, shuningdek, xorijiy tillarni oʻqitish sohasida “bogʻcha-maktab-oliy taʼlim tashkiloti-korxona” tamoyilidagi uzluksiz taʼlim zanjirini joriy etish, aholining barcha qatlamlariga mos boʻlgan tilni oʻrganish boʻyicha uslubiyot va tavsiyalarni ishlab chiqishni muvofiqlashtirish singari koʻplab salmoqli ishlar bajarilib kelinmoqda. Agentlik qisqa muddat ichida uzluksiz taʼlim tizimining bosh boʻgʻinlari sanalgan vazirliklar, chet tili oʻqitishning turli sohalarida faoliyat yuritib kelayotgan koʻplab xorijiy va mahalliy tashkilotlar hamda davlat va nodavlat taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyib, katta-katta loyihalar ustida ishlashga muvaffaq boʻlmoqda. Jumladan, Britaniya Kengashi, AQSHning Oʻzbekistondagi elchixonasi, Oʻzbekistondagi Gyote Instituti, Yaponiya va Koreya xalqaro hamkorlik agentliklari, At Tanal Al Arabi arab tilini oʻqitish va test tizimini oʻz ichiga olgan tashkilot, Istanbul Aydin Universiteti, shuningdek, Makmillan, Oksford, Pirson, MM, Klett singari xorijiy nashriyotlar bilan aloqa oʻrnatilib, hamkorlikda faoliyat olib borilmoqda.

    Shuningdek, olis hududlarda joylashgan yoki xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha koʻrsatkichi past boʻlgan taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha Agentlik tomonidan respublikada faoliyat yuritayotgan nodavlat taʼlim tashkilotlari va xorijiy hamkorlar vakillaridan iborat mobil guruhlar shakllantirildi. Mazkur mobil guruhlar tomonidan “kaskad” tamoyili asosida hududlarda xorijiy tillarni oʻqitish va ommalashtirish boʻyicha trenerlar tayyorlanmoqda hamda ularning hududdagi chet tillari oʻqituvchilarining malakasini oshirish boʻyicha faoliyati tashkil etildi.

    Respublikamizdagi 207 nafar umumiy oʻrta taʼlim maktablarining xorijiy tillarga ixtisoslashtirilishi munosabati bilan ayni maktablarda xorijiy tillarni oʻqitishni tubdan isloh etish va takomillashtirish, shu bilan birga respublikamiz oliy taʼlim muassasalari qoshida xorijiy tillarni yanada chuqurroq oʻrganish uchun oʻquv markazlari tashkil etildi.

    Hozirgi kunda OTMlar huzurida oʻzaro kelishuv asosida tashkil etilgan mazkur oʻquv markazlar professor-oʻqituvchilar va talabalarni chet tili bilish darajasini aniqlash boʻyicha xalqaro va mahalliy testlarga tayyorlash bilan birga, chet tili mutaxassisligi boʻlmagan OTM oʻqituvchilari va talabalari, rahbar kadrlarining xorijiy tillar boʻyicha savodxonligini oshirish sohasida intensiv kurslarni olib bormoqda. Bu esa oliy taʼlim muassasasidagi barcha uchun xorijiy tillarni bilish savodxonligini rivojlantirishda katta imkoniyat va qulay shart-sharoit demakdir.

    Agentlik tomonidan poliglot (koʻp tilni biladigan) talabalar bilan ishlash, poliglot yoshlar oʻrtasida musobaqa va tadbirlar uyushtirish, ularni ragʻbatlantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Kelajakda, bu dargoh nafaqat respublikada xorijiy tillarni oʻqitishni ommalashtiradi, balki xorijiy tillarda tahsil olish va oʻqitishda duch keladigan har qanday masalalarni hal etib, dunyo miqyosida vatanimiz ravnaqini koʻrsata oladigan ilm-fan, taʼlim va taraqqiyot nufuzini koʻtarishga oʻzining salmoqli hissasini qoʻshadi.

    Gulruh ELMURADOVA,

    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

    Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi

    bosh mutaxassisi