Xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun 1 320 ta davlat granti tasdiqlandi

    Ta'lim 22 Sentabr 2025 858

    Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq 2025/2026-oʻquv yili uchun respublikada faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga 1 320 ta davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.

    2025-yil 29-sentyabrdan 5-oktyabrga qadar (shu kuni ham) muayyan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga toʻlov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun mazkur bayon bilan tasdiqlangan davlat buyurtmasi parametrlariga (talabalikka tavsiya etilgan oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim yoʻnalishi boʻyicha) abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtish imkoniyati yaratiladi.

    Roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar uchun 2025-yil 12-oktyabrga qadar test sinovlari oʻtkaziladi.

    Eslatma: roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlardan Prezidentning 2019-yil 14-maydagi PQ–4319-son (14.05.2025-y.) qaroriga muvofiq belgilangan miqdordagi toʻlov undiriladi.

    Oʻtkazilgan test sinovlari natijasiga koʻra abituriyentlarning toʻplagan ballari ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilgan holda shakllantirilib, belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 2025-yil 17-oktyabrga qadar tegishli oliy taʼlim tashkilotlariga yetkaziladi.

    Shuningdek, ushbu tanlovda 2025/2026-oʻquv yiliga davlat oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish uchun roʻyxatdan oʻtib, kirish imtihonlarida ishtirok etgan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlarga ham toʻplagan ballari bilan fanlar majmuasi va taʼlim tili mos boʻlgan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga tanlovda ishtirok etish imkoniyati berildi.