Xorijiy va nodavlat OTMlarga davlat buyurtmasini shakllantirish tartibi belgilandi

    Ta'lim 23 Oktabr 2021 997

    Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari hamda nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi, deya xabar berdi “Norma”.

    Nizomda davlat buyurtmasi parametrlarini shakllantirish, uni moliyalashtirish, talabgorning kadrlar buyurtmachisi tizimida ishlashini tashkil etish tartibi nazarda tutilgan.

    Kadrlar buyurtmachilari oʻzlarining oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda har yili 15-yanvarga qadar oʻz tizimlari uchun kadrlar tayyorlash boʻyicha buyurtmalarni taʼlim tashkilotlari va yoʻnalishlari kesimida shakllantiradi hamda 20-yanvarga qadar Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etadi.

    Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi shakllantirilgan davlat buyurtmasi parametrlarini 30-mayga qadar oʻrganib chiqish va kelgusida tasdiqlanishi uchun Taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasiga kiritadi. Taʼlim tashkiloti kirish imtihonlari natijalari eʼlon qilingandan keyin 20 kun muddatda tasdiqlangan davlat buyurtmasi doirasida kadrlar tayyorlash uchun kadrlar buyurtmachilariga talabgorlarni saralash va shartnoma tuzish haqida yozma xabar beradi.

    Taʼlim tashkiloti kadrlar buyurtmachilari tomonidan taqdim etilgan buyurtma doirasida kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplaganlarga oʻqishni tamomlagandan soʻng kadrlar buyurtmachisi tizimida 5 yildan kam boʻlmagan muddat davomida ishlab berish sharti bilan oʻqitish xarajatlarini qoplab beradi. Talabgorlarni oʻqitish xarajatlari uchun mablagʻlar kadrlar buyurtmachilariga har yili respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorlari doirasida ajratiladi.