Xorijlik fuqarolar ham endilikda oʻzini oʻzi band qilishi mumkin

    Biznes 10 Sentabr 2020 3964

    Endi xorijlik fuqarolar, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham oʻzini oʻzi band qilib roʻyxatdan oʻtishi mumkin.

    SOLIQ (Android uchun) mobil ilovasining yangilangan versiyasiga yana bir xizmat qoʻshildi. Roʻyxatdan oʻtishda tizim ERI (elektron raqamli imzo) talab etadi. ERIni e-imzo.uz sayti orqali qisqa fursatlarda masofadan olish mumkin. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtganlik shtrix kod (QR-kod) bilan tasdiqlanadi.

    Mamlakat fuqarosi hisoblanmasa ham oʻzi uchun qonuniy ishlash imkoniyatidan foydalanish mumkin. Biroq, ushbu tizimdan roʻyxatdan oʻtib, ishchilarni yollash yoki ish beruvchiga ega boʻlish mumkin emas.

    Buyurtmalarni qabul qilish va koʻrsatilgan xizmatlar (tovarlar) uchun toʻlovlarni amalga oshirish, yuridik shaxslarga xizmatlar koʻrsatishda (tovarlarni sotishda) elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qilish va kredit olish maqsadida ixtiyoriy ravishda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish imkoniyatlari beriladi.

    Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda oʻzini oʻzi band qiluvchi fuqarolar uchun 67 ta faoliyat turi taklif etilgan. Ular uchun 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qatʼi nazar bazaviy hisoblash miqdorining kamida 50 foizi hajmida toʻlash, pensiya hisoblash va ish stajiga ega boʻlish huquqi kafolatlangan, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.