Xorvatiya Bosh vaziri 2025-yili Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi

    Abdulaziz Komilov Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xorvatiya Bosh vaziriga 2025-yili Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish boʻyicha taklifini yetkazdi.

    Oʻzbekiston Prezidentining tashqi siyosat masalalari boʻyicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi shu yilning 22-24-oktyabr kunlari tashrif bilan Xorvatiyada boʻldi.

    Tashrif chogʻida Oʻzbekiston va Xorvatiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash va siyosiy muloqotni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

    Tashrifning muhim voqealaridan biri Xorvatiya Bosh vaziri Andrey Plenkovich bilan muzokaralar boʻldi. Suhbat chogʻida ikki mamlakat oʻrtasida turli yoʻnalishlar, jumladan, savdo-iqtisodiy, transport va infratuzilma, energetika, shuningdek, mehnat migratsiyasi sohalarida aloqalarni chuqurlashtirish masalalari koʻrib chiqildi.

    Xorvatiya hukumati rahbari Oʻzbekiston Prezidentining ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorvatiya Bosh vaziriga 2025-yilda Oʻzbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish boʻyicha taklifi yetkazildi.

    Shuningdek, tashrif doirasida, Xorvatiya Bosh vaziri oʻrinbosari, dengizchilik, transport va infratuzilma vaziri Oleg Butkovich, Xorvatiya Tashqi ishlar hamda Qishloq, oʻrmon va baliqchilik vazirliklari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar oʻtkazildi.