Xotin-qizlar muammolari qogʻozda emas, amalda hal boʻlishi kerak

    Mamlakatimizda 22 Aprel 2022 1038

    Kuni kecha Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari, tizim masʼullari ishtirok etdi. Muloqotda xotin-qizlar muammolarini tizimli hal etish, namunali xonadonlarning tadbirkorlik ishlarini keng targʻib qilish, oilaviy sharoitlari sabab ilmiy ishlarini yakuniga yetkazolmagan ayollarga amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan bir qator vazifalar belgilab olindi.

    Yigʻilish davomida viloyatda xotin-qizlarga yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar, ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

    Masʼullarning qayd etishicha, viloyatda olib borilgan oʻrganishlar natijasida 400 dan ortiq oila farzandlari maktab yoki bogʻchaga borolmay, taʼlimdan uzilib qolayotgani aniqlangan. Oʻz navbatida, holat yuzasidan tezkor choralar koʻrilib, ushbu oilalarga koʻmak berilgan.

    Xususan, ijtimoiy koʻmakka muhtoj ayollarni aniqlash, ularni kasbga, tadbirkorlikka yoʻnaltirish, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrni va faolligini oshirish, kayvoni ayollar tajribasidan foydalanish yaxshi samara berishi qayd etildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.