Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Axborot xizmatining xabariga koʻra, 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda, shu jumladan sirtqi va kechki taʼlim shaklida oʻqiyotgan xotin-qizlarning taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun 7 yil muddatga foizsiz taʼlim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga Davlat byudjetidan har yili 1,8 trillion soʻm resurs mablagʻlari yoʻnaltiriladi;

davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash maqsadida Davlat byudjetidan har yili kamida 200 milliard soʻm moliyalashtiriladi;

mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega, lekin oliy maʼlumotga ega boʻlmagan 500 nafar xotin-qizlarni har yili Qoʻmita tavsiyanomalariga asosan davlat oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga umumiy qabul parametrlaridan tashqari alohida test sinovlari natijalariga muvofiq toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish amaliyoti joriy etiladi;

davlat ilmiy tashkilotlari yoki oliy taʼlim muassasalari doktoranturasiga xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratib boriladi.