Mazkur qarorga muvofiq, Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi har yili AT “Xalq banki”ga 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni 2021-yilda Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada, 2022-yildan boshlab esa Markaziy bank asosiy stavkasida yoʻnaltiradi.

Quyidagi dasturlarni muvaffaqiyatli oʻzlashtirgan xotin-qizlarga mazkur mablagʻlar hisobidan tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari tavsiyasiga koʻra, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun 3 yilgacha muddat va 6 oygacha imtiyozli davr bilan Markaziy bank asosiy stavkasida bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravarigacha boʻlgan miqdorda kreditlar ajratiladi:

– Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan maʼqullangan dasturlar asosida tashkil etilgan oʻquv kurslarini;

– Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʻqitish maskanlari hamda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʻrgatish oʻquv kurslari maxsus oʻqitish dasturlarini.

Ajratiladigan kreditlar, istisno tariqasida, 2022-yil 1-yanvarga qadar Markaziy bank asosiy stavkasi doirasida, 2022-yil 1-yanvardan tijorat banki tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladi. Bunda tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda belgilanadigan stavkalarda beriladigan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlari bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmi qoʻllaniladi.

Moliya vazirligi tomonidan 2021-yilda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida ularga ipoteka kreditlari boʻyicha boshlangʻich badalni toʻlab berish va ijtimoiy uy-joylar sotib olish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy-joy bilan taʼminlashga – 10 milliard soʻmdan va otasidan ayrilgan, yolgʻiz onasi qaramogʻida boʻlgan, voyaga yetgan, uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlashga — 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratadi.

Bir hafta muddatda ayollar muammolarini tizimli va manzilli ravishda oʻrganish va hal etish doirasida shakllantirilgan maxsus jarrohlik amaliyotlari oʻtkazish orqali davolanishga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar roʻyxatidagi hamda “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlarning davolanishi uchun jamgʻarmaga 30 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.