Xotin-qizlarning tadbirkorligi uchun – 100 million dollar miqdorda imtiyozli kredit ajratiladi

    Moliya 18 Mart 2024 1722

    2024-yil 7-martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan PQ-122-sonli “Xotin-qizlarning tadbirkorligini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qarori imzolandi.

    Xotin-qizlarni kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 2-yillik imtiyozli davr bilan 5-yil muddatga yillik 14% stavkada jami 100 million dollar ekvivalentida kredit resurslari ajratiladi, bunda:

    “Xalq banki”ga 35 million dollar;

    “Biznesni rivojlantirish banki”ga 35 million dollar;

    “Mikrokreditbank”ga 30 million dollar ajratiladi.

    Savdo-sanoat palatasi va uchta bankda quyidagilarni nazarda tutuvchi xotin-qizlar tadbirkorligini qoʻllab- quvvatlash tizimi yaratiladi:

    tashabbuskor xotin-qizlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga koʻmaklashish;

    mahallalarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish;

    xotin-qizlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni sotish;

    kooperatsiya asosida loyihalarni amalga oshirishga koʻmaklashish;

    loyihalar amalga oshirilishini kuzatib borish va ayol tadbirkorlar bilan doimiy muloqot qilish.

    Shuningdek, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash Dasturi ishlab chiqiladi.

    Kredit ajratishda ustuvorlik “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan xotin-qizlar tomonidan amalga oshirish taklif etilayotgan loyihalarga beriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 9-martdan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.