Xotinini pichoqlab o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi

    Sirdaryoda xotinini o‘ldirgan erkak 18 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy Sud Matbuot xizmati xabar berdi.

    Xabarda taʼkidlanishicha, er xotinini begonalardan rashk qilgan, buning ortidan muntazam janjal qilib kelgan. Ayol doimiy janjal sabab uch nafar bolasi bilan ota uyiga ketib qolgan hamda eri bilan ajrashmoqchi bo‘lgan.

    Er xotinining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini tekshirganida, gaplashib yuradigani borligini bilib qolgan. Shundan so‘ng u jahl ustida pichoq bilan xotinining bir nechta joylariga zarba bergan.

    Oqibatda ayol 10 yoshli farzandining ko‘z o‘ngida vafot etgan. Erkak esa voqea joyidan qochib ketgan.

    Maʼlum qilinishicha, ushbu jinoyatni sodir etgan erkak sud majlisida o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Shuningdek, u sudda bu ishga xotinining xiyonati va bolalarini unga ko‘rsatmagani sabab bo‘lganini taʼkidlagan.

    Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud hukmi o‘qilgan. U 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.