Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g'oya targ'ibotiga bag'ishlangan buyuk milliy ma'naviy merosimiz bor. Ularning barchasida tinchlikning qadriga etish targ'ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi. Dunyo tamadduni tarixida eng ayanchli yara sifatida e'tirof etiladigan, insoniyat boshiga ko'plab kulfatlarni keltirgan urush bu jahon urushi, yanada aniqroq til bilan aytganda Ikkinchi jahon urushidir.
Ikkinchi jahon urush davrida O'zbekiston aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan, shulardan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgan Demak, har uch nafar o'zbekistonlikdan bittasi qo'liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan va 538 mingdan ziyod yurtdoshimiz urushda halok bo'lgan. SHu bilan bir qatorda Ikkinchi jahon urushi davrida xalqlar boshiga kelgan kulfatdan O'zbek xalqi bag'ri kenglik, birdamlik, insonparvarlik bilan front ortida ham mislsiz mehnat qilgan va bardoshini namoyon etgan xalqdir.
Ikkinchi jahon urushi davrida matonat ko'rsatgan xalq vakili sifatida o'sha damlarda qahramonlik ko'rsatgan ajdodlarini xotirlash, nomlarini abadiylashtirish, ular ruhiga hurmat ko'rsatish shu xalq vakili sifatida har birimizning burchimizdir.
Mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushida halok bo'lganlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatanimizning obro'-e'tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma'naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo'shayotgan faxriylarni e'zozlash, ularni jasoratini abadiylashtirish maqsadida “SHon-sharaf” davlat muzeyi, “Mangu jasorat” va “Matonat madhiyasi” monumentlarini, tarixiy-badiiy ekspozitsiyalarni o'z ichiga olgan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasi barpo etildi.
Ikkinchi jahon urushi va front ortida mehnat qahramonlarini doimiy rag'batlantirish, ularning sog'ligini tiklash, ularning ko'nglini shod etishga qaratilgan savobli ishlar davlat siyosatining bir qismiga aylangan.
Ayni shu ma'noda Davlat Bojxona qo'mitasining Bojxona institutida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi bilan hamkorlikda “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan “Xotira abadiy, jasorat mangu” mavzusidagi madaniy-ma'rifiy tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda O'zbekiston bojxona xizmati Faxriylar uyushmasi a'zolari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.. Tadbir davomida Davlat bojxona organlariga malakali kadrlarni tayyorlashda bor bilim va ko'nikmalarni berib, bugungi kunda nafaqada bo'lgan ustoz, iste'fodagi polkovnik Saidodil Gulyamov O'zbekiston bojxona xizmati Faxriylar uyushmasining ko'krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbir Bojxona instituti kursantlari tomonidan Ikkinchi jahon urushi davrida O'zbek xalqining matonati, qahramonligini ochib berishga qaratilgan sahna ko'rinishlar, ko'rgazmali harbiy chiqishlar, san'atkorlarning kuy-qo'shiqlari yig'ilganlarga manzur bo'ldi.
Aziza Sharofiddinova,
Toshkent shahar Shayxontoxur tumanidagi 40-maktab o'quvchisi