Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish doirasida tadbir o‘tkazildi

    Mamlakatimizda 4 May 2021 2028

    «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni e’zozlash – O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

    Joriy yil 4 mayda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan Mudofaa vazirligi huzuridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi tarkibidagi «Shon-sharaf» davlat muzeyida «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni e’zozlash – O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

    Tadbir Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimizni qahramonligi va tarixiy xizmatlarini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodni ota-bobolarimizga munosib, Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash hamda Davlat rahbarinnig 2021-yil 20-aprelda qabul qilingan «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni va «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risi»gi Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi.

    Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, ekspertlar, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qurolli kuchlar akademiyasi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

    Seminar avvalida urush qatnashchilarini xotirlab, mas’ullar ishtirokida gul qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

    Ishtirokchilar bugungi yorug‘, musaffo osmonimiz sofligini, hozirgi tinch, osuda hayotimizni ta’minlash uchun bukilmas iroda va jasorat namunasini ko‘rsatgan, Vatan uchun jonlarini fido qilgan mard va jasur ota-bobolarimizning matonatlari haqida so‘z yuritdilar.

    Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Kutbitdin Burxanov, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlanganini, xususan, 2020-yilga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgani va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanishini qayd etdi. Yangi topilgan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilganini, har uch nafar o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgani aniqlanganini, demak 451 ming nafar yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida e'tibordan chetda qolib kelgan deya aytib o‘tdi.

    Shuningdek, o‘sha davrda «quloq» sifatida boshqa o‘lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshlarimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilganligi aniqlandi.

    Bundan tashqari, ilgari 396 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi urushda xalok bo‘lgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod bo‘lgan bo‘lsa, 158 mingdan ko‘prog‘i bedarak yo‘qolgan.

    Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan O‘zbekiston vakillarining soni bo‘yicha ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu ko‘rsatkich 120 ming deb qayd etilar edi. Yangi ma’lumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan o‘zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qaxramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshlarimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor bo‘lgani o‘z tasdig‘ini topgani tarixiy haqiqatning yuzaga chiqishiga olib kelgani ta’kidlandi.

    Qayd etilganidek, O‘zbekiston urush maydonlariga juda katta miqdorda harbiy texnika, qurol-yarog‘, dori-darmon, kiyim-kechak, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradigan muhim tayanch markazlaridan biriga aylandi. Ishlab chiqarish korxonalari harbiy maqsadlarda qayta tashkil etildi. Jumladan, ko‘p millatli aholimizning fidokorona mehnati bilan o‘sha vaqtdagi 300 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalarida harbiy mahsulotlar ishlab chiqarildi. Shu davrda front hududlaridan yurtimizga 151 ta zavod ko‘chirib keltirilib, qisqa fursatda ishga tushrildi.

    Seminar davomida urush qatnashchilarini e’zozlash, ularga hurmat bajo keltirish va ijtimoiy ta’minotini yaxshilash borasida qilinayotgan ishlar xususida so‘z bordi. Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2021-yil 20-apreldagi «Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «Xotira va Qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari tg‘risida»gi Qarorlari mazmun-mohiyati, uning ahamiyati alohida e’tirof etildi, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.