Xotiralarni qayta uyg'otib...

    Harbiy 19 May 2020 4188

    Ikkinchi jahon urushi. Biz 75 yil muqaddam bo'lib o'tgan bu qirg'inbarot lavhalarini oramizda sanoqli qolgan urush qatnashchilarining xotiralari, kinotasmalar, hujjatli fil`mlar va suratlar orqali ko'z oldimizga keltiramiz.

    Hatto, eslashning o'zi og'ir bo'lgan janglar, yo'qotishlar, kurashlar endi xotiraga aylandi. Tinchlik uchun jon olib jon bergan ajdodlarimiz har bir so'zi bizga tarix haqida qimmatli ma'lumotlarni tuhfa etadi. Bunday insonlarni har qancha e'zozlasak, qadrlasak, suhbatlaridan qancha ko'p bahramand bo'lsak, shuncha kam. Demak, nafaqat bayram kunlari, balki yilning har bir kuni ularni yo'qlasak, bu eng xayrli ish, eng savobli amaldir.

    Ta'kidlash joizki, O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti viloyat Kengashi bu maqsadda tizimli ishlarni yo'lga qo'ygan. YAqinda bu tashkilotning Namangan shahar hokimligi bilan hamkorlikda o'tkazgan tadbiri fikrimiz dalilidir.

    Tadbir davomida Namangan shahrida istiqomat qilayotgan 6 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylar holidan xabar olindi. Dilga yaqin suhbatlar davomida shunday voqea ro'y berdiki, bobolar ko'zida beixtiyor avval hayrat, so'ngra tarix jonlandi.

    Aniqroq aytadigan bo'lsak, urush ko'rgan bu insonlarga Namangan shahar O'quv Sport texnika klubiga qarashli sport sektsiya murabbiy va sportchilari tomonidan anchagina bilim, kuch va mahorat sarflanib yasalgan, Ikkinchi jahon urushi yillarida foydalanilgan jangovor rusumdagi samolyotlarning modellari sovg'a qilindi. Modellarga termulgan va yuzida nim tabassum aks etgan bobolar xayolidan o'tayotgan fikrlarni anglash qiyin emasdi. Ular orasida g'alabani qo'lga kiritishda asqotgan bunday samolyotlarni boshqarganlar ham yo'q emas.

    Faxriylar kutilmagan sovg'ani mamnuniyat bilan qabul qilib olar ekanlar, O'zbekiston mudofaasiga ko'maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti viloyat Kengashi jamoasiga, hamkor tashkilotlar vakillariga chin qalbdan minnatdorchilik bildirdilar. Hayotimiz hamisha tinch-osoyishta, osmonimiz musaffo bo'lishini so'rab, duolar qildilar.

    Sanjarbek HAMIDOV