Xovoslik ayol tomorqasida noyob pavlovniya daraxtlarini oʻstiryapti

    Agrosektor 27 Iyul 2022 3980

    Sirdaryo viloyati Xovos tumani “Qoraqum” mahallasida tadbirkor ayol oʻz tomorqasida noyob oʻsimliklarning turlarini parvarishlab oʻstiryapti.

    Sirdaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi surati

    Xovos tumani hokimi oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Sabohat Boboyeva mahallalarda “Mening ostonam gulzor” shiori ostida oʻtkazilayotgan obodonlashtirish-koʻkalamzorlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish maqsadida tumandagi “Qoraqum” mahallasida boʻldi.

    Taʼkidlash joizki, tadbirkor ayol Muqaddas Mahmatovaning oʻz tomorqasida qilayotgan ishlari tumanda koʻchatchilik, bogʻdorchilikni rivojlantirishga qoʻshayotgan ulkan hissasi tahsinga loyiq.

    — Mahallamizda bogʻdorchilik va koʻchatchilik bilan shugʻullanuvchi fuqarolarimiz, xotin-qizlarimiz koʻpchilikni tashkil etadi, — deydi “Qoraqum” mahallasi xotin-qizlar faoli Barno Hamdamova. — Ayniqsa, Yangi guzar koʻchasida yashovchi Muqaddas opaning tomorqasidagi parvarishi alohida eʼtibor va masʼuliyatni talab qiladigan pavlovniya koʻchatlarining gurkirab turishi diqqatimni tortdi. Bu yerdagi 1 700 tup pavlovniya daraxtlarini koʻrgan kishining koʻzi quvnaydi.

    Darhaqiqat, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda pavlovniya yetishtirishga qiziquvchilar soni ortib boryapti. Chunki u shaharlarni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish uchun noyob daraxt boʻlib, 3 yilda voyaga yetib, chiroyli gullaydi. Pavlovniya nihoyatda tez oʻsishi bilan ajralib turadi va bir yilda uzunligi 5 metrgacha yetadi.

    — Eshitishimcha Pavlovniya yogʻochi dunyo bozorida qaragʻay yogʻochidan ikki marta qimmat baholanar ekan, — deydi Muqaddas opa. — Tomorqamda bugungi kunda 1 700 tup pavlovniya, 300 tup payvand behi koʻchatlari, 70 tup avangard kishmish navli uzum, 15 tup anor, 15 tup gilos, 20 tup olma koʻchatlarimning rivoji baravj. Bu yildan tomorqada qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻyishni niyat qilib koʻchat ekdim. Nasib qilsa, yanagi yili qulupnay ham hosilga kiradi, bola-chaqamiz bilan mazza qilib yeymiz, mahalladoshlarimizga ulashamiz. Deyarli hamma qishloq xoʻjalik mahsulotlari tomorqamizdan chiqadi. Erta tongdan kechgacha qiladigan yumush bor, hosilni terganingizda esa hamma charchoqlar chiqib ketadi. Kelgusida pavlovniyani katta-katta plantatsiyalarda yetishtirishni rejalashtirganman.

    Gulchilik va koʻchatchilikda eng kerakli boʻlgan mahsulot – gumis tayyorlashning sir-asrorlarini oʻrganib olgan Muqaddas opaning 10 tonna gumisi sotuv uchun tayyor. Tarkibida chuvalchang, goʻng, hamda boshqa zarur ozuqaviy moddalarni saqlovchi gumisga nafaqat mahalliy bozorda, balki qoʻshni davlatlarda ham xaridorlar koʻp.

    Sirdaryo viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi matbuot xizmati.