Xovoslik fermer gʻoʻzalarni uyali telefon yordamida sugʻoradi

    Agrosektor 7 Iyul 2021 1137

    Xovoslik fermer Ulugʻbek Yoʻldoshev ekinlarni qoʻl telefoni yordamida sugʻorishni yoʻlga qoʻydi.

    Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 237 gektar yer maydonida dehqonchilik qilayotgan fermer dalaga suv tejovchi sugʻorish qurilmalarini oʻrnatishga muvaffaq boʻldi.

    Fermer Ulugʻbek Yoʻldoshev bankdan olgan 1 milliard 86 million soʻmlik kredit mablagʻlari evaziga 54 gektar paxta maydoniga zamonaviy raqamlashtirilgan sugʻorish qurilmalarini oʻrnatdi. Gap shundaki, ushbu yangi texnologiya qoʻl telefoni orqali boshqariladi.

    – Ilgari 54 gektar paxta maydonini 7-8 nafar suvchi kecha-kunduz bir oy mobaynida sugʻorar edi, — deydi fermer Ulugʻbek Yoʻldoshev. —Endi bu ishni bir ishchi kuchi bilan 6-7 kun ichida uddalayapmiz.

    Oʻtgan yili 237 gektar yerning 110 gektar dala maydoniga chigit qadagan fermer bu yil 1 milliard 400 million soʻmlik bank kredit mablagʻlari evaziga 56 gektar paxta maydoniga yana qoʻshimcha tomchilatib sugʻorish uskunalarini oʻrnatdi, deb xabar beradi Sirdaryo viloyat hokimligi matbuot xizmati.