Xovosobod qishlogʻiga “Turizm qishlogʻi” maqomi beriladi

    Turizm 27 Oktabr 2020 3666

    Sirdaryo viloyatining boy turistik salohiyatga ega Xovos tumani aholisi “Turizm qishlogʻi” tashkil etish boʻyicha takliflar bergan.

    Arxeologlar tomonidan qazishma ishlarining dastlabki natijalari guvohlik berishicha, Xovos 2400-2500-yillik tarixga ega nihoyatda qadimiy shaharlardan biri sanaladi.

    Tarixchilarning maʼlumotlariga koʻra, Xovosda 28 ta tabarruk qadamjo boʻlgan. Hozirgi kunga qadar ulardan 12 tasi saqlanib qolgan. Shulardan biri “Xasti buzurgon” ziyoratgohi sanaladi. Bu ziyoratgohda “Xasti buzurg” laqabi bilan ulugʻlangan Jobir boboning qabri joylashgan. Rivoyat qilishlaricha, Jobir bobo Xovos va uning atroflariga Islom dinini yoyish uchun kelgan. Bu inson Xovosni obod qilishda qatnashgan va xalq oʻrtasida ilm-maʼrifat tarqatgan. Shu sababli “Xasti buzurg” deya ulugʻlangan. “Bibi ocha” ziyoratgohida Jobir boboning turmush oʻrtogʻi Bibi Xadicha dafn etilgan.

    Bu yerda ona yoki buviga ocha deya murojaat qilishgani sababli u kishi Bibi ocha deya eʼtirof etilgan. “Yusufbobo” ziyoratgohida esa qadimda Xovosda temirchilik bilan shugʻullangan va tabiblik qilgan, keyinchalik temirchilar piri deb ulugʻlangan Yusufbobo maqbarasi mavjud. “Sherbobo” maqbarasida esa olis oʻtmishda Xovosni dushmanlardan himoya qilgan, himoyachilarga bosh boʻlgan Ibrohim ismli sheryurak inson dafn etilgan. Qadimiy “Namozgoh” masjidini xovosliklar Jobir boboning yetuk, donishmand farzandlari sharafiga “Saʼdu Saʼid” (Sayyidlarning ulugʻi) nomi bilan atashgan. Bu ziyoratgohlarning aksariyati bugungi kunda obod maskanlarga aylantirilgan.

    Mazkur hududda yashovchi tadbirkorlar oʻz uyida oilaviy mehmon uylari hamda milliy hunarmandchilik ustaxonalarini yaratish boʻyicha takliflarini bildiryapti. Xulosa qilib aytganda, boy turistik salohiyatga ega Xovos tumani aholisi “Turizm qishlogʻi” tashkil etish boʻyicha takliflar bildiryapti, deb xabar beradi Sirdaryo viloyati hokimligi matbuot xizmati.