Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 13-avgustdagi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni joriy yilning 13-noyabridan kuchga kirgandan soʻng vujudga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish, qonun ijrosini ijrochilarga yetkazish, mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirilishini taʼminlash maqsadida xususiy bandlik agentliklari rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili, Bandlik va mehnat munosabatlari, Ichki ishlar, Adliya vazirliklari, Davlat soliq qoʻmitasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Bosh prokuratura, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, mamlakatimiz fuqarolarini xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay sharoit yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarida ishtirok etayotgan fuqarolarning chet elda ishlab kelish zarurati va omillari tahlil qilinib, ularning muammolari, mashaqqatli mehnati evaziga turmush darajasini koʻtarish boʻyicha orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 16-oktyabrdagi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-sentyabrdagi 725-son qarori bilan tasdiqlangan tegishli Nizomlarga muvofiq, xususiy bandlik agentliklari, bilimni baholash markazlari, Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasi tashkil etildi.
Bugungi kunda 103 ta xususiy bandlik agentligi reyestr roʻyxatidan oʻtgan boʻlib, shundan 75 ta XBAlarga vakolatli organ tomonidan belgilangan tartibda litsenziya berilgan va hozirda 25 tasi ushbu litsenziya asosida faoliyat yuritmoqda.
2019-2020-yillarda XBAlarning saʼy-harakati natijasida 3214 nafar Oʻzbekiston fuqarolari Rossiya, Turkiya, Litva, Latviya, Polsha, Bolgariya, BAA, Belarus, Yaponiya, Qozogʻiston, Ukraina va Qatar kabi davlatlarga qonuniy tarzda ishga joylashtirildi. Biroq, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya talablari va shartlarini buzish holatlari uchramoqda. Tahlillarga koʻra, bugungi kunda 11 ta XBAning 51 nafar rahbar va masʼul xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Mazkur XBAlar tomonidan jami 9338 nafar fuqarodan 79,1 mlrd. soʻmga yaqin pul mablagʻlari firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirib olingan.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, kelgusida XBAlar tomonidan jinoiy harakatlarning oldini olish maqsadida 2020-yil 13-avgustda Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunda kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar mazmun-mohiyati xususiy bandlik agentliklari rahbarlariga tushuntirildi.
Uchrashuvda XBAlar rahbarlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil javob qaytarildi.