Xususiy maktabda “Zoom” orqali olib borilgan ta'limdan ota-onalar mutlaqo norozi

    Ta'lim 1 Iyun 2020 3396

    Ota-onalar nodavlat ta`lim muassasasining rahbariyatiga uchinchi trimestr uchun to'lovni amalga oshirmaslik bo'yicha murojaat etishgan.

    Joriy yilning 18 may kuni O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga “THE BRITISH SCHOOL OF TASHKENT” nodavlat ta`lim muassasasining 144 nafar buyurtmachisi petitsiya e'lon qilingani va iste'molchilarning huquqi buzilayotgani to'g'risida murojaat kelib tushdi.

    Murojaatga ko'ra joriy yilning 2019/2020 o'quv yillari uchun taraflar o'rtasida tuzilgan shartnoma (4.7.-bandi) bo'yicha trimestrlar uchun to'lovlar amalga oshirish sanalari belgilangan.

    YA'ni 1, 2 va 3 marta bo'lib-bo'lib to'lash amaliyoti bo'yicha maktab o'quvchilarining ota-onalari birinchi va ikkinchi trimestrlarning har biriga 44 million so'mdan 47 million so'mgacha (sinflar kesimida) to'lovni amalga oshirishgan. Ammo hozirgi pandemiya davrida ikki tomonning o'zaro tuzilgan shartnoma shartlari vaziyat taqozosi bilan biroz o'zgargan.

    Asosan ingliz tili mukammal o'qitiladigan mazkur nodavlat ta`lim muassasasining pedagog-o'qituvchilari chet ellik bo'lishgani va karantin joriy etilgach o'z yurtlariga qaytib ketishgani vaziyatni yanada murakkablashtirgan.

    Aprel` oyidan boshlab, o'quvchilarga maktab o'qituvchilari “Zoom” internet dasturi orqali onlayn rejimda ta`lim berishni yo'lga qo'yishadi. Ammo, buyurtmachilar ushbu onlayn darslarning sifati, dars berish uslubidan mutlaqo norizi.

    Bu bo'yicha nodavlat ta`lim muassasasining rahbariyatiga og'zaki va yozma tarzda, uchinchi trimestr uchun to'lovni amalga oshirmaslik bo'yicha murojaat etishgan. Lekin ta'lim muassasasi bunga hech qanday rasmiy bayonot bermagan.

    Buyurtmachilarning iste'molchi sifatidagi huquqlari buzilganligini inobatga olib, ushbu masalaga oydinlik kiritish lozimligi haqida teshishli mutasaddilarga murojaat etib qolamiz.

    O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini

    himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi

    axborot xizmati