Shu yilning 17-avgustida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-1168-sonli Qonuni tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Qonun bilan xususiy mulkdorlar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, jumladan obyektlarning qiymatini baholash hamda baholashga oid hisobotning ishonchliligini ekspertizadan o‘tkazish natijalarini qayta ko‘rib chiqish, haqiqiy emas deb topish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi. Eng muhimi, bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi. Bu esa tadbirkorlarning o‘z mulkiga bo‘lgan egalik huquqining barqarorligi va ishonchliligini ta’minlaydi.
Qonunchilikka tadbirkorlik subyektlarini rag‘batlantirish va ularning ijtimoiy mas'uliyatini oshirishga qaratilgan mutlaqo yangi institutlar kiritildi. Tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy, ekologik muammolarni hal etishga yoki ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb e’tirof etiladi. Ularga soliq va bojxona imtiyozlari, ijtimoiy loyiha xarajatlarini subsidiyalash, davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish kabi qo‘llab-quvvatlash choralari belgilanmoqda. Qonunchilik talablariga rioya etgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini aniqlash va qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida ularning barqarorlik reytingi yuritilishi qonun darajasida mustahkamlandi.
Inson huquqlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va soliq qonunchiligiga rioya etish kabi mezonlarga asoslangan faoliyat mas’uliyatli biznes yuritish deb e’tirof etiladi. Bunday subyektlar uchun ochiq reyestr yuritilib, ular grantlar, soliq imtiyozlari va davlat xaridlarida ustuvorliklar orqali qo‘llab-quvvatlanadi.
Iqtisodiy protsessual kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini to‘xtatib turish, cheklash va taqiqlash masalalarida qat'iy tartib o‘rnatildi. Unga ko‘ra, faoliyatni to‘xtatib turish nazorat qiluvchi organlar tomonidan inson hayoti va sog‘lig‘iga yuqori xavf soluvchi omillar reyestriga kiritilgan omillar asosida o‘n ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga amalga oshirilishi mumkin (favqulodda vaziyatlar va epidemiyalar holatlari bundan mustasno).
Xulosa qilib aytganda, O‘RQ-1168-sonli Qonun mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘taruvchi, xususiy mulk daxlsizligini ishonchli kafolatlovchi tarixiy qadamdir. Ushbu hujjat bir tomondan har bir mulkdorga o‘z biznesini xavotirsiz, erkin va barqaror yuritish imkoniyatini bersa, ikkinchi tomondan biznes va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro ishonch, qonun ustuvorligi hamda ijtimoiy mas'uliyat tamoyillari asosida mustahkamlaydi. Ishonchimiz komilki, yangi huquqiy mexanizmlar va rag‘batlantirish choralari tadbirkorlarimizning o‘ziga bo‘lgan ishonchini yanada oshirib, yurtimiz iqtisodiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadi.
Rashid Sharapov,
Muzaffar Jumaqulov,
TDYU Fuqarolik protsessual va
iqtisodiy protsessual huquqi sho‘basi o‘qituvchilari