Xususiy mulkka tajovuz qilishga hech kim haqli emas

    Mamlakatimizda 13 Iyul 2021 726

    Internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda “Oyoqyalang sudrashdi. Qonunni oyoqosti qilishdi” – urganchlik ayol Senat Raisi va Bosh prokurordan koʻmak kutmoqda” sarlavhasi bilan eʼlon qilingan xabar jamoatchilikning keng muhokamasiga sabab boʻlmoqda.

    Taʼkidlanishicha, 2021-yil 19-iyunda Urganch tumanida IIB xodimlari va boshqa idoralarning vakillari hokimning topshirigʻiga koʻra fuqaroning omborida saqlanayotgan 30 tonna bugʻdoyni majburan tortib olgani, fuqaroning mulkiga tajovuz qilishgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish oʻrniga uni xoʻrlashgani, soatlab asossiz ushlab turishgani va bosim oʻtkazishgani aytilgan.

    Bu borada Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani maʼlum qilingan.

    Biroq oradan shuncha vaqt oʻtgan boʻlsada, amalda hech qanday oʻzgarish boʻlmayotgani, boʻlgan bosimlardan soʻng fuqaroning turmush oʻrtogʻi
    I.R. insult boʻlib qolgani bildirilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi mazkur holat boʻyicha prokuratura organlari tomonidan oʻrganish natijalari boʻyicha maʼlumotlarni keng ommaga eʼlon qilishni soʻragan.

    Shuningdek, fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli tartibda murojaat qilindi.

    Oʻz navbatida, Qoʻmita qonun buzilishi holatining har qanday koʻrinishiga murosasiz ekanligini bildiradi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.