Xususiy sektor – ishonchli hamkor

    Qarorga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish uchun hujjatlar va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish kabilarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatish joriy etiladi.

    Mamlakatimizda davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, samarali raqobatbardosh muhitni shakllantirish hamda tadbirkorlarga yana-da qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir.

    Mazkur qaror bozor sharoitida raqobatni yana-da rivojlantirish, tadbirkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirishga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, fuqarolarning ishchanlik qobiliyatini oshirish, aholiga xizmat koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirishda alohida ahamiyatga ega. Bu ishlarni sifatli amalga oshirishda xususiy sektorga oʻtkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalari, shuningdek, xususiy sektorning tegishli takliflarini eʼlon qilish va muhokamadan oʻtkazish uchun elektron maydoncha faoliyatini ishga tushirish talab etiladi.

    Ana shu maqsadda joriy yil yil 4-mayda Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari koʻrsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori imzolandi.

    Qarorga koʻra, 2021-yil 1-avgustdan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish uchun hujjatlar va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish kabilarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatish joriy etiladi.

    Sodda qilib aytganda, tegishli litsenziyasi mavjud boʻlgan tadbirkorlarga trolleybus va tramvaydan tashqari barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish huquqi berilayapti. Imtihonlar DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn ishtirokida oʻtkaziladi.

    Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan nomzodlarga tadbirkorlik subyekti tomonidan haydovchilik guvohnomasi olish uchun asos boʻladigan sertifikatlar beriladi. Bu sertifikatlar maxsus himoya qobigʻiga ega. Uning barcha zarur rekvizitlari esa tadbirkor tomonidan davlat xizmatlari markazlari va ichki ishlar organlariga avtomatlashtirilgan holda taqdim etiladi.

    2022-yil 1-avgustdan boshlab tadbirkorlik subyektlarining oʻquv kurslarini tugatgan haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishdan tashqari, oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek, nomzodlardan imtihon olishga oid hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi. Bunda, davlat xizmatlari koʻrsatish borasidagi faoliyatni monitoring va nazorat qilish IIV DYHXX organlari tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

    Yana bir muhim yangilik – ushbu qaror bilan 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab haydovchilardan avtomototransport vositasini boshqarish uchun ishonchnoma (notarial tartibda tasdiqlangan), texnik koʻrikdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi maʼlumot, avtotransport vositalari oynalarining tusini oʻzgartirishga (qoraytirishga) ruxsatnoma berish elektron shaklga oʻtkaziladi va ularni haydovchidan talab etish tartibi bekor qilinadi. Shuningdek, qaror bilan 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ilgʻor xorijiy tajribani puxta oʻrgangan holda haydovchidan talab etiladigan hujjatlarni elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha ishlarni toʻliq yakunlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritish vazifasi qoʻyildi.

    Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-iyulga qadar avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik subyektlari elektron hisobini yuritish reyestrini shakllantiradi hamda mazkur reyestrni YAIDXP tizimiga integratsiya qilgan holda uning real vaqt rejimida avtomatik tarzda yangilab borilishi taʼminlanadi.

    Azizxon MURODOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi

    Axborot xizmati yetakchi mutaxassisi