Ushbu masala boʻyicha 28-oktyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu borada aholiga batafsil maʼlumot beradigan maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish zarurligini taʼkidlagan edi. Shunga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda Korxonalarni sogʻlomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari ochildi. Shuningdek, kunu tun ishlaydigan 1082 raqamli koll-markaz yoʻlga qoʻyildi.

– Mazkur klinikalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi, – deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sunnatilla Bekenov. – Ularning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, soʻrovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.

Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhit yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni rivojlantirish – sifat, unumdorlik va taraqqiyotning muhim omili. Prezidentimizning joriy yil 28-oktyabrda qabul qilingan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni hayotga tatbiq etish, sohaga zamonaviy boshqaruv usullari, ochiqlik, shaffoflik va bozor tamoyillarini joriy etishda muhim dasturilamal boʻlib xizmat qiladi.

Qarshi shahridagi bunday klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar koʻrsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar oʻrnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qoʻyilgan obyektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil maʼlumot olish mumkin.

Klinika binosida Qashqadaryodagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy koʻrgazmasi ham tashkil etilgan. Majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va oʻquv markazlari joylashtirilgan.

Mazkur klinikalarda tadbirkorlarga davlat aktivlarini sotib olish, korxonalarni xususiylashtirish bilan bogʻliq savollarga javob berish bilan birga muammolarni hal qilishda amaliy koʻmak koʻrsatiladi.

Zero, davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish va davlat aktivlarini xususiylashtirish iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi.

Lutfulla SUVONOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri