Yaqin paytga qadar tenderlarda tanish-bilishsiz yutib chiqish mumkinmasligi yozilmagan qonun sifatida baholangan. Har qanday davlat buyurtmalarining oʻz egalari borligi va ularni qoʻlga kiritish oson emasligi yillar davomida salbiy fikrlar urchishiga sababchi boʻlgan. Mulk savdolari bilan bogʻliq turli “mish-mish” lar zamirida qandaydir asoslar bordek edi.
Bugun bu boradagi ishlar inson omilisiz amalga oshirilayotgani, tizimda xolislik, shaffoflik, ochiqlikni taʼminlash imkoniyati yaratilgani bilan ahamiyatli. Jurnalistlarga “E-IJRO AUKSION” onlayn maydonchasi orqali savdolarga chiqarilgan davlat mulk obyektlarini sotib olish tartib -tamoyillari, qulayliklar, shaffoflik, hujjatlarni rasmiylashtirish, investitsiya majburiyatlarini bajarishdagi imkoniyatlar xususida maʼlumotlar berildi.
Viloyatda boʻsh turgan va foydalanilmayotgan davlat mulki obyektlari tadbirkorlik faoliyatini boshlash istigini bildirgan tadbirkorlarga ommaviy savdolar orqali sotishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida 164 ta davlat aktivi 75 milliard 695 million soʻm hamda 500 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritish, 1217 ta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan sotildi.
Fargʻona shahridagi mexanika zavodining qurilishi tugallanmagan oʻquv binosi uzoq yillar davomida qarovsiz edi. Mulk “Artaped Alians” MCHJ tomonidan 499 million soʻmga bir yil davomida 2 milliard soʻm investitsiya kiritish va 20 nafar yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan xarid qilindi.
— Bu yerda Ortopediya yoʻnalishida xizmat koʻrsatuvchi tibbiy kilinika qurlishini amalga oshiryapmiz, — deydi tadbirkor Bekzod Oʻrinboyev. — Shu kunga qadar 370 ming AQSH dollari miqdorida tibbiy jihozlar olib keldik. Jalb etiladigan umumiy investitsiya miqdori 6 milliard soʻmdan oshadi.
Press-tur ishtirokchilari Prezidentimizning 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Fargʻona yogʻ-moy” AJ ana shunday korxonalar sirasiga kiradi. Korxonaning ustav kapitaldagi 84, 45 foiz davlat ulushi 62, 2 milliard soʻm miqdorida savdolarga chiqarilgan. Xolbuki korxona faoliyati toʻxtatgani yoʻq. Ammo mavjud quvvatlardan samarali foydalana olmayapti. Asosiy sabab xom-ayosh yetishmaydi, yangi quvvatlarni ishga tushirish uchun sarmoya yoʻq.
— Korxonalarning xususiylashtirilishi investitsiya miqdorini kengaytirish mahsulot turlarini koʻpaytirish, xom ashyo bazasini mustahkamlash, yangi ish oʻrinlari yaratish imkoniyatini beradi, — deydi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Nodirjon Saidaxmedov. — “Fargʻona yogʻ-moy”korxonasi ichki bozorda oʻz oʻrniga ega. Korxonaga faoliyatiga xususiy investitsiyalarni jalb etilishi bu borada ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu yil viloyatdagi 13 ta davlat aktivi sotilishi belgilangan.
Rasuljon KAMOLOV,
jurnalist