XVF Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashni kengaytiradi

    Hukumat 6 Iyun 2023 4512

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Samarqand shahrida Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.

    O‘zbekiston bilan Xalqaro valyuta fondi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, jumladan, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, pul-kredit va fiskal siyosatni takomillashtirish borasidagi islohotlar kabi ustuvor yo‘nalishlarda yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

    Keyingi yillarda XVF bilan hamkorlik sezilarli darajada faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bu davrda fondning 70 dan ortiq missiyasi O‘zbekistonda bo‘ldi, ekspert-texnik ko‘mak kengayib bormoqda.

    XVF rahbari Kristalina Georgiyeva Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas islohotlar dasturini to‘liq qo‘llab-quvvatladi hamda uning amalga oshirilishiga bundan buyon ham ko‘maklashishiga tayyorligini bildirdi.

    Global iqtisodiyot va barqaror taraqqiyotga oid dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

    Shu bilan O‘zbekiston Prezidentining Samarqandga tashrifi yakunlandi, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib ketdi.