XVI “Yevroosiyo” kinofestivalida oʻzbek kino ijodkorlari 3 ta sovrinni qoʻlga kiritishdi

    Madaniyat 20 Dekabr 2022 648

    Qozogʻistonning Olma-ota shahrida 12-18-dekabr kunlari boʻlib oʻtgan XVI “Yevroosiyo” (“Eurasia international film festival”) xalqaro kinofestivali yakunlandi.

    Unda oʻzbekistonlik bir guruh ijodkorlar ham ishtirok etdi hamda bir qator nominatsiyalar bilan taqdirlanishdi.

    Xususan, kinorejissyor Ali Hamrayev “Markaziy Osiyoda kino sanʼati rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” nominatsiyasini qoʻlga kiritgan boʻlsa, kinorejissyor Qamara Kamalova “Yoʻl boʻlsin” badiiy filmi uchun hakamlar hayʼatining maxsus mukofotiga loyiq koʻrildi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov “Yevrosiyoda festival harakatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun” maxsus sovrini bilan taqdirlandi.

    Maʼlumot oʻrnida, “Yevroosiyo” xalqaro kinofestivali Qozogʻistondagi 1998-yilda tashkil etilgan boʻlib, u Xalqaro kinoprodyusserlar uyushmalari federatsiyasi (FIAPF) tomonidan akkredetatsiyadan oʻtgan.

    U ikki yillik tanaffusdan keyin yana qayta oʻz ishini boshladi. Oʻtgan yillarda ushbu festivalga Kim Ki Duk, Emir Kusturitsa, Jan Klod Van Damm, Mikele Plachido, Katrin Denev hamda Vinsen Kassel kabi dunyo kino yulduzlari tashrif buyurgan.