XXR Raisi Oʻzbekiston Prezidentini saylovdagi ishonchli gʻalabasi bilan tabrikladi

    Saylov 27 Oktabr 2021 7999

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-oktyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi.

    Suhbat avvalida XXR Raisi davlatimiz rahbarini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov muvaffaqiyatli oʻtkazilgani va unda ishonchli gʻalabaga erishilgani bilan samimiy qutladi.

    Ovoz berish natijalari yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda xorijiy sheriklar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi siyosat xalq tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida taʼkidlandi.

    Xitoy Raisi Oʻzbekiston yetakchisiga omad va yangi muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga esa farovonlik va ravnaq tiladi.

    Davlat rahbarlari Oʻzbekiston-Xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini koʻrib chiqdilar.

    Ishonchga asoslangan muloqotning bugungi darajasi, joriy yil aprel oyida oʻtgan muloqotlarda erishilgan kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama aloqalar rivojlanayotgani va oʻzaro almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

    Siyosiy sohada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “yagona Xitoy siyosati”ni hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qatʼiy kurashni doimiy qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Bundan tashqari, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda koʻrsatilayotgan katta amaliy yordam, shu jumladan vaksinalar oʻz vaqtida yetkazib berilayotgani va ularni birgalikda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgani uchun minnatdorlik bildirildi.

    Rais Si Szinpin, oʻz navbatida, Xitoy Oʻzbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar dasturini qatʼiy qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

    Savdo-iqtisodiy sohada yetakchilar tovar ayirboshlash sezilarli oʻsayotganini qayd etdilar. Xitoy bozoriga zarur mahsulotlar, eng avvalo qishloq xoʻjaligi tovarlarini ilgari surish maqsadida joriy yil noyabr oyida Shanxay shahrida oʻtadigan toʻrtinchi Import tovarlar xalqaro koʻrgazmasida Oʻzbekiston faol ishtirok etishiga kelishib olindi.

    Besh yillik Savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturini tayyorlash, unga strategik ahamiyatga ega, shu jumladan innovatsiyalar, sunʼiy intellekt, raqamli texnologiyalar va elektron tijorat sohalari boʻyicha loyihalarni kiritish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

    Kambagʻallikni kamaytirish masalalarida tajriba va bilim almashish muhim yoʻnalish sifatida belgilab olindi. Shu oyda ikki mamlakatning vakolatli idoralari tomonidan imzolangan memorandumni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

    Oʻzbekiston va Xitoy rahbarlari Xitoyni mintaqamiz bilan bogʻlaydigan va “Bir makon, bir yoʻl” tashabbusi doirasida Yevroosiyo transqitʼaviy tranzit yoʻlagini shakllantiradigan samarali transport yoʻnalishlarini rivojlantirish zarurligini taʼkidladilar.

    Fan va taʼlim, sogʻliqni saqlash va aholini emlash, sport, turizm, madaniyat va boshqa yoʻnalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar mavjud ekani qayd etildi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev hamkasbi va doʻst Xitoy xalqiga 2022-yilda Pekin shahrida oʻtkaziladigan qishki Olimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtkazilishini tiladi.

    Joriy yil yakunigacha Oʻzbekiston-Xitoy hukumatlararo qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishini oʻtkazish, shuningdek, diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash boʻyicha qoʻshma dasturni tayyorlashga kelishib olindi.

    Oʻzbekiston Prezidenti va XXR Raisi xalqaro kun tartibi hamda mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

    Davlatimiz rahbari Xitoy yetakchisi tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida ilgari surilgan Global taraqqiyot tashabbusini qoʻllab-quvvatladi.

    Bundan tashqari, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMTning boshqa institutlari doirasidagi yaqin muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.

    Xitoy yetakchisi mamlakatimizning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligini toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

    Davlat rahbarlari Afgʻonistonda mustahkam tinchlik oʻrnatish va iqtisodiy taraqqiyotga erishish masalalarini ham koʻrib chiqdilar. Afgʻon xalqiga koʻmaklashish maqsadida SHHT va boshqa formatlar doirasidagi muloqotni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi.

    Muloqot yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Rais Si Szinpin doʻst xalqlarimiz va mamlakatlarimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

    Suhbat har doimgidek ochiqlik, ishonch va doʻstlik ruhida oʻtdi.