Yagona “e-bozor” elektron platformasini joriy qilish rejalashtirilmoqda

    Raqamlashtirish 31 Iyul 2021 3230

    Vazirlar Mahkamasining “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomni hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan savdo faoliyatini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

    Loyiha Prezidentning 11.05.2021-yildagi “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5113-son qaroriga muvofiq hamda respublika bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini boshqarish tizimini yana-da takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

    Bozorlar yoki savdo komplekslarini boshqaruvchi tashkilotining taʼsischilari har qanday yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari boʻlishi mumkinligi belgilanishi nazarda tutilmoqda.

    2022-yilning 1-yanvariga qadar 100 ta va undan koʻp turgʻun savdo shoxobchalariga ega boʻlgan barcha bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarida davlat soliq xizmati organlarining xodimlari tomonidan yigʻimning toʻliqligini har kuni tekshirgan holda faqat bank tizimi orqali real vaqt rejimida bir martalik yigʻim va ijara toʻlovlari undirilishining avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olinishini majburiy tartibda joriy etish rejalashtirilmoqda. Buning uchun yagona “E-BOZOR” elektron platformasi joriy qilinadi.

    Nizomga muvofiq bozor Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tasdiqlagan Rejaga asosan, oʻz hududida arxitektura, shaharsozlik va qurilish meʼyorlari va qoidalariga muvofiq, shuningdek bozorlarning u yoki bu turiga boʻlgan ehtiyojni inobatga olgan holda tashkil etiladi.

    Yangi tashkil etilayotgan bozorlar yoki savdo komplekslari uchun yer maydonlari “E-IJRO AUKSION” savdo maydonchasi orqali belgilangan tartibda ajratiladi.

    Loyiha oʻzgartirilishi, unga qoʻshimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin, deb yozadi "Norma.uz"