Yagona QR kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish majburiy boʻladi

    2026-yil 1-yanvargacha barcha savdo va xizmat koʻrsatuvchi yuridik shaxslar tomonidan elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun yagona QR kod joriy qilinadi.

    Bu boʻyicha Prezidentning “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni (PF–246-son, 10.12.2025-y.) da belgilandi.

    2026-yil 1-yanvardan barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslar tomonidan banklarda generatsiya qilingan yagona QR kod orqali elektron toʻlovlarni qabul qilish yoʻlga qoʻyiladi.

    Bunda 2026-yil 1-iyuldan:

    • barcha savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi yuridik shaxslarda yagona QR kodli toʻlov tizimi orqali toʻlovlarni qabul qilish ham majburiy etib belgilanadi;
    • yagona QR kodlardan foydalanilmayotganligi savdo qoidalarini buzish deb hisoblanadi.

    2026-yil 1-yanvardan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1-yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.

    2026-yil 1-martdan soliq organlari xodimlari hamda Navoiy va Chirchiq shaharlarida hisobga qoʻyilgan jismoniy shaxslar tomonidan jami yillik daromadlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyani taqdim etish tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi.