Yakka mehnat nizolari va ularning yechimi

    Fikr 11 May 2022 18375

    Yakka mehnat nizolari — bu ish beruvchi va xodim oʻrtasida mehnat toʻgʻrisidagi qonun va boshqa normativ hujjatlarni, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat shartlarini qoʻllanish yuzasidan kelib chiqqan kelishmovchiliklardir.

    Yakka mehnat nizolarini mehnat nizolari komissiyalari va tuman (shahar) sudlari tomonidan koʻrib chiqiladi.

    Quyidagi nizolar faqat sud tomonidan koʻrib chiqiladi:

    ish joyda mehnat nizolari komissiyasi boʻlmasa;

    nizo ishga tiklash, mehnat shartnomasini bekor qilish vaqti va asoslarini oʻzgartirish toʻgʻrisida boʻlsa;

    majburiy progul yoki kam haq toʻlanadigan ishni bajargan vaqt uchun haq toʻlashga doir boʻlsa;

    xodim tomonidan ish beruvchiga yoki ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan zararni toʻlash haqida boʻlsa;

    ishga qabul qilishni gʻayriqonuniy ravishda rad etishga oid boʻlsa;

    nizo ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi bilan kelishib hal etilgan masala yuzasidan kelib chiqqan boʻlsa.

    Mehnat nizolari komissiyalari, ularning tarkibi va vakolat muddati ish beruvchi va kasaba uyushmasi qoʻmitasi oʻrtasidagi kelishuvga asosan tashkilotda tuziladi.

    Komissiyaga kasaba uyushmasi qoʻmitasi va ish beruvchining vakillari kiritiladi.

    Mehnat nizolari komissiyasining qarori dalillar bilan isbotlangan hamda mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga va mehnat shartnomasiga asoslangan boʻlishi kerak.

    Komissiyaning pul undirishga oid qarorida xodimga tegishli summa aniq koʻrsatilishi lozim.

    Qaror majlis raisi va kotibi tomonidan imzolangandan kuchga kiradi.

    Komissiya qarorining nusxasi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida xodimga, ish beruvchiga va kasaba uyushmasi qoʻmitasiga topshiriladi.

    Xodim shaxsan oʻzi yoki quyidagi organlar orqali mehnat nizosi boʻyicha sudga murojaat qilish huquqiga egadirlar:

    kasaba uyushmasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi;

    mehnatning huquq boʻyicha inspektori;

    prokuror.

    Ish beruvchi ham mehnat nizolari komissiyasining qaroridan norozi boʻlsa, shuningdek unga yetkazilgan zararni qoplash haqidagi nizo boʻyicha sudga murojaat qilishi mumkin.

    Sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish uchun quyidagi muddatlar belgilanadi:

    ishga tiklash nizolari boʻyicha — xodimga tegishli buyruq nusxasi berilgan kundan boshlab 1 oy;

    ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni toʻlash haqidagi nizo boʻyicha — zarar yetkazilganligi ish beruvchiga maʼlum boʻlgan kundan boshlab 1 yil;

    boshqa mehnat nizolari boʻyicha — xodim oʻz huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʻlgan kundan boshlab 3 oy.

    Xodimning sogʻligʻiga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar boʻyicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmaydi.

    Mazkur muddatlar oʻtgan boʻlsa ham xodim sudga murojaat qilishi mumkin. Sudlar tomonidan muddat oʻtganligi tufayli arizani qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

    Sud muddatlar uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan deb topgan taqdirda, bu muddatlarni tiklashi mumkin.

    Xodimlar mehnatga doir nizolar boʻyicha sudga murojaat qilganlarida sud xarajatlarini toʻlamaydi.

    Quyidagilar boʻyicha mehnat nizolarini koʻrib chiqqan organning qarori darhol ijro etilishi shart:

    xodimni ishga tiklash;

    boshqa ishga oʻtkazilgan xodimni oʻz joyiga qaytarish;

    mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini oʻzgartirish;

    3 oydan koʻp boʻlmagan muddat uchun ish haqini toʻlash.

    Xodimni ishga tiklash yoki oʻz joyiga qaytarish haqidagi qaror ijrosi kechiktirilgan taqdirda, qarorni qabul qilgan organ tomonidan qaror ijrosi kechiktirilgan barcha vaqt uchun oʻrtacha ish haqi yoki ish haqidagi farqni toʻlash haqidagi qaror chiqariladi.

    Nizo kelib chiqqan taqdirda, sud yoki yakka mehnat komissiyalari xodimning pul undirishga doir quyidagi talablarini toʻliq qondiradi:

    xodimga mehnat daftarchasini oʻz vaqtida bermaganlik oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq toʻlash toʻgʻrisidagi;

    xodimni ishga tiklash toʻgʻrisidagi qarorni ish beruvchi ijro etmaganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun haq toʻlash toʻgʻrisidagi;

    foydalanilmagan taʼtil uchun kompensatsiyani toʻlash toʻgʻrisidagi.

    Gʻayriqonuniy ravishda ishdan boʻshatilganligi, boshqa ishga oʻtkazilganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun xodimning pul undirishga doir talablari 1 yildan ortiq boʻlmagan muddat uchun qondiriladi.

    Xodimning pul undirishga doir boshqa talablari 3 yildan ortiq boʻlmagan muddat uchun qondiriladi.

    Xusinboy Iskandarov,

    Xorazm viloyati Tuproqqalʼa tuman

    Yuridik xizmat koʻrsatish markazi boshligʻi.