Yakshanba kuni havo harorati yana +20...+23 darajagacha koʻtariladi

    Oʻzgidromet dam olish kunlari oʻzbekistonliklarni qanday ob-havo kutayotganini maʼlum qildi.

    Xabarga koʻra, ertaga 6-aprel kuni Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va Fargʻona vodiysi viloyatlarining baʼzi joylarida yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin.

    Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarining baʼzi joylarida yomgʻir faqat kechasi va ertalab yogʻadi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati biroz pasayadi va +15...+18 daraja atrofida boʻladi.

    7-aprel yakshanba kuni Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha quruq va asosan kam bulutli ob-havo boʻlishi kutilmoqda. Havo harorati yana +20...+23 darajagacha koʻtariladi. Kechalari harorat asosan +7...+12 daraja boʻladi.

    5-6-aprel kunlari respublikaning baʼzi joylarida shamol tezligi soatiga 15-20 m/s tezlikgacha kuchayadi, ayrim joylarda chang-toʻzonlar bilan kuzatiladi.

    Togʻli hududlarda 5-6-aprelda vaqti-vaqti bilan yogʻingarchilik (yomgʻir, baland togʻlarda qor) boʻladi, 6-aprelda baʼzi joylarda yogʻingarchilik kuchli boʻlishi mumkin. Qor koʻchishi xavfi saqlanib turadi.

    Togʻ oldi va togʻli hududlarda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

    Poytaxtda 5-aprel kechga tomon va 6-aprelda vaqti-vaqti bilan yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi va shamol tezligi soatiga 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. 7-aprelda yogʻingarchilik kutilmaydi.

    Harorat 5 va 7-aprel kunlari +20...+23 daraja, 6-aprel shanba kuni +15...+17 daraja boʻladi. Harorat kechalari +7...+12 daraja atrofida boʻladi.