“Yallama”da yangi bojxona terminali foydalanishga topshirildi

    Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi.

    “Yallama” respublikamizdagi eng yirik avtomobil oʻtkazish punkti hisoblanadi. Bunday terminallar dunyo amaliyotida mavjud boʻlib, ular yuklarni vaqtincha saqlash omborlari deb ataladi.

    20 gektar maydonni egallagan “Yallama” bojxona terminalida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bojxona, bank, logistika, tezkor laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, muvofiqlikni baholash kabi barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatiladi.

    Shuningdek, bu yerda bir vaqtning oʻzida 500 ta yuk avtomobillarini sigʻdira olish imkoniyatiga ega hamda bepul WI-FI bilan taʼminlangan avtoturargoh, 5000 kvadrat metr maydonda yopiq hamda 3836 kvadrat metr maydonda ochiq bojxona omborlari, rasmiylashtiruv zali, davlat nazorati organlari uchun xizmat xonalari, savdo doʻkonlari hamda boshqa bino va inshootlar mavjud.

    – Bu bojxona postidan asosan, Yevropa, Xitoy, Rossiya va Qozogʻistondan kelgan yuklar kirib-chiqadi, – deydi Davlat bojxona qoʻmitasi boʻlim boshligʻi Aʼzamjon Ergashev. – Avvallari import tovarlarni rasmiylashtirish muddati 3 kungacha choʻzilardi. Jarayon bevosita terminal orqali amalga oshirilsa, sarflanadigan vaqt 1 kungacha qisqaradi. Eksportga esa 16 soatdan ortiq vaqt ketardi. Terminal ombori chegaraga tutash hududda boʻlgani uchun bu vaqt ham 5 barobarga qisqarib, hujjatlarni rasmiylashtirishga 3 soat kifoya qiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlar xarajatlari ham kamayadi. Chunki bir joydan turib barcha hujjat ishlarini bitirish qulay. Qolaversa, bu yerda amalga oshirilgan koʻrik hamma joyda tan olinadi. Mazkur bojxona postida bir kunda oʻrtacha 400 ta avtotransport vositasi harakatlanadi. Lekin bu imkoniyatni 1000 tagacha kengaytirish mumkin. Mazkur terminal asosan yuklarni ortish, tushirish va saqlash uchun qurildi. Hududda maʼmuriy bino ham boʻlib, barcha davlat xizmatlari bir joyda koʻrsatiladi. Tadbirkor bitta joyga kelib hujjat topshiradi, shu yerning oʻzida yukini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazadi va toʻgʻri bozor yoki oʻzining korxonasiga olib ketadi.

    Bundan tashqari, bojxona terminali eng zamonaviy texnik vositalar, jumladan avtotarozi, avtomobillar raqamini aniqlash va videokuzatuv tizimlari, zamonaviy kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan.

    Eng muhim yangiliklardan biri shundaki, bojxona terminali hududida 10 ta shtat birligidan iborat bojxona punkti tashkil etildi. Endi shundoqqina chegara bojxona postidan tovarlarini olib kirgan yoki olib chiqish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari shu yerning oʻzida sutkaning istalgan vaqtida tashqi savdo yuklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishadi.

    Bojxona terminalining ishga tushishi natijasida tadbirkorlarning rasmiylashtiruv va sertifikatlashtirish uchun sarflanadigan vaqt va harajatlari tejaladi, tirbandliklar bartaraf etiladi, bojxona qonunbuzarlik holatlarining oldi olinadi.

    Eng asosiysi mazkur hududda yashovchi 50 dan ziyod aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi.

    Yangi barpo etilgan bojxona terminalida yaratilgan shart-sharoitlar avvalambor tadbirkorlarga qulay va vakolatli idoralarga samarali nazoratni tashkil etishga xizmat qiladi.