Ayni damda yana 15 ta zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari etkazib berilmoqda. Mazkur texnikalar Yaponiya texnologiyasi asosida yig'ilgan bo'lib, Yevropa standartlariga to'liq javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan. 

Yurtimizda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi sohasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “nol chiqindi” doirasida bir qator qaror va farmonlarning ijrosini ta'minlash, aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to'plash va olib chiqish xizmatlarini ko'rsatish ko'lamini oshirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida 300 dona ISUZU rusumli chiqindi yig'uvchi maxsus texnikalar xarid qilingan. 

Mazkur texnika vositalari Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi "Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish" loyihasi doirasida sotib olindi va ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi tomonidan hududlardagi sanitar korxonalariga 10 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida lizingga berilmoqda. 

Shuningdek, maxsus texnikalar bir yillik imtiyozli davrga ega bo'lib, qo'shimcha qiymat solig'idan ozod etilgan. Bu o'z o'rnida sanitar tozalash korxonalari faoliyatini yaxshilab, aholiga xizmat ko'rsatish hajmini 16 foizga oshirishga hamda chiqindilarni o'z vaqtida olib chiqib ketishga yordam beradi. 

Ta'kidlash joizki, texnika vositalari YAponiyaning ISUZU brendi ostida Samarqand avtomobil zavodida yig'ilgan bo'lib, ularning sifat darajasi Yevropa standartlariga to'la javob beradi hamda aholiga uzoq yillar sifatli xizmat ko'rsatishga mo'ljallangan. Qolaversa, yurtimiz iqlimiga moslashgan, chidamli.

Ayni damda zamonaviy chiqindi tashuvchi texnika vositalari butun Respublika bo'ylab yetkazib berilmoqda.