Yana 250 nafar fuqaro Amur viloyatiga ishga ketadi

    Ijtimoiy hayot 19 Yanvar 2021 1504

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan pandemiya davrida aholini xorijga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish boʻyicha Rossiyadagi yirik ish beruvchilar bilan kelishuvlarga erishilgan.

    Kelishuvlarga muvofiq, oʻtgan davrda Agentlik tomonidan Rossiya Federatsiyasining Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi atrofidagi qurilish obyektlari uchun Namangan viloyatidan 600 dan ortiq fuqarolar ishga yuborilgan.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Federatsiyasi Amur viloyatidagi “Murad” MCHJ bilan imzolangan shartnomaga asosan Agentlikning Namangan viloyati filialida ish beruvchi vakili ishtirokida tanlov oʻtkazildi.

    Tanlovda ishtirok etgan 270 nafar fuqarodan 250 nafari tanlab olindi. Ushbu fuqarolar yanvar oyi yakuniga qadar qurilish ishlariga yuborilishi rejalashtirilmoqda.