Yana 31 turdagi xizmat davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladi

    Ijtimoiy hayot 5 Yanvar 2022 3041

    Malaka toifasi, attestatsiya, sertifikat, OTMdan OTMga oʻqishni koʻchirish, oʻqishni qayta tiklash… 31 turdagi xizmat davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshiriladi.

    2021-yil 24-iyulda “Davlat xizmatlarini koʻrsatish infratuzilmasini takomillashtirish va aholining davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni eʼlon qilingan edi.

    Farmonda bosqichma-bosqich davlat xizmatlari markazi va YAIDXP orqali joriy etiladigan davlat xizmatlari roʻyxati koʻrsatilgan.

    Ana shu xizmatlardan 31 tasi yuqoridagi tartibda amalga oshirilishi 1-yanvardan eʼtiboran yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan edi.

    Xizmatlar qoʻyidagilar:

    1. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga, respublikada doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslar va chet et fuqarolariga ID-karta hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish;

    2. Gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilarga malaka sertifikatini berish;

    3. Trenerlarni attestatsiyadan oʻtkazish;

    4. Sport hakamlariga malaka toifasini berish;

    5. Sud boshqaruvchilarini attestatsiyadan (qayta attestatsiyadan) oʻtkazish va malaka attestatini berish;

    6. Baholovchilarga toifalar berish;

    7. Sud boshqaruvchisi attestatini olish uchun talabgorlarni oʻqitish va sud boshqaruvchilari malakasini oshirish;

    8. Koʻchmas mulk boʻyicha kadastr muhandisining malaka shahodatnomasini berish;

    9. Davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmati rahbarini attestatsiyadan oʻtkazish;

    10. Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish sohasida maxsus vakolatli davlat organi tomonidan ekspertlarni akkreditatsiya qilish;

    11. Veterinariya xizmati mutaxassislarining malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash va ularga malaka toifalari berish;

    12. Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda boshqa byudjetdan tashqari jamgʻarmalarning buxgalteriya hisobi xodimlarining malaka imtihonini oʻtkazish va byudjet hisobi hisobchisi sertifikatini berish;

    13. Auditor malaka sertifikatini berish;

    14. Soliq maslahatchisi malaka sertifikatini berish;

    15. Qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini olish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiya (qayta attestatsiya)dan oʻtkazish4

    16. Ichki auditor sertifikatini berish;

    17. Aktuariy malaka sertifikatini berish;

    18. Sifat boʻyicha ekspert-auditorlarni attestatsiyadan oʻtkazish;

    19. Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish;

    20. Mehnatni muhofaza qilish sohasida malaka sertifikatini berish;

    21. Korporativ boshqaruvchi malaka attestatini berish;

    22. Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifalari berish;

    23. Davlat sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tizimining rahbar kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish;

    24. Davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan oʻtkazish;

    25. Sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspertlarni attestatsiyadan oʻtkazish;

    26. Patent vakilligiga nomzodlarni attestatsiyadan va roʻyxatdan oʻtkazish hamda patent vakillarini attestatsiyadan oʻtkazish;

    27. Maktabgacha, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, professional hamda maktabdan tashqari davlat taʼlim muassasalari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish;

    28. Davlat organlari va boshqa byudjet tashkilotlarining axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan rahbarlari va boʻlinmalari xodimlarini attestatsiyadan oʻtkazish;

    29. Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari sohasida restavrator-ustalarga malaka sertifikatini berish;

    30. Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash;

    31. Oliy taʼlim muassasalariga qabul qilish uchun hujjatlarni qabul qilish (magistratura), deb xabar beradi Davlat xizmati koʻrsatish agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi.