Bundan tashqari, har bir tuman tahlil qilinib, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan 903 ta “ogʻir” mahalla tanlab olindi.
Kambagʻal oilalarning uchdan bir qismi, ishsizlarning 21 foizi ham tanlab olingan 37 ta tuman va 903 ta mahallaga toʻgʻri kelishi aniqlandi.
Yana 33 ta tuman va 330 ta “ogʻir” mahallaga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish ishlari boshlandi.
“Asosiy kuchni ushbu 70 ta tuman va 1 mingta «ogʻir” mahallaga yoʻnaltirsak, respublikada kambagʻallik darajasini 3 foizdan pasaytirishga erishamiz», – dedi davlatimiz rahbari.
“Ogʻir” tuman va mahallalardagi aholi va tadbirkorlar soliq imtiyozidan koʻra, koʻproq yoʻl, suv, elektr taʼminotini yaxshilab berishni soʻrayapti. Shu munosabat bilan joriy yilda infratuzilmani yaxshilash uchun viloyatlarga 20 trillion soʻm ajratilishi, shundan 12 trillion soʻm “ogʻir” tuman va mahallalarga yoʻnaltirilishi belgilandi.
Respublikadan mahalliy byudjetga qaytadigan mablagʻ 2 karra koʻpaytirilib, hokimlarga 4 trillion 200 milliard soʻm beriladi. Endilikda viloyat hokimlari “ogʻir” tumanga 10 milliard soʻmdan, 903 ta mahallaning har biriga 1 milliard soʻmdan ajratadi.
Bunga qoʻshimcha har bir “ogʻir” tumanga 50 milliard soʻm, “ogʻir” mahallaga 2 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltiradi. Bu tuman hokimlari va mahalliy kengashlar “ogʻir” tuman va mahallalar uchun qoʻshimcha yana 4 trillion soʻm oladi degani.