Yana 84 kishi ishlash uchun Rossiyaga joʻnab ketdi

    Ijtimoiy hayot 12 Avgust 2020 515

    Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan soʻng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.

    Yaqinda Rossiya Federatsiyasining Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi oʻrinbosari D.Mishchenko boshchiligida qator ish beruvchi kompaniyalar vakillaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida 4 200 nafar fuqaroni yirik qurilish obyektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, transport, ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqi va boshqa masalalar boʻyicha kelishib olingan edi.

    Ushbu kelishuvga muvofiq, bugun 84 nafar yurtdoshimiz Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali joʻnab ketdi. Maʼlumot uchun aytish mumkinki, birinchi navbatda asosan mazkur zavodda avval mehnat qilib ish tajribasiga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolari ishga jalb qilingan.

    Ularning transport, ovqatlanish, patent va yashash xarajatlari, agarda ishchida kasallik aniqlansa, uning davolanishi ish beruvchi kompaniyalar tomonidan taʼminlanishi, shuningdek, oylik ish haqi oʻrtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi belgilangan.

    Yurtdoshlarimiz 14 kunlik karantindan soʻng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.

    Taʼkidlash joiz, joriy yilning 31-iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda mazkur zavod qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgan edi.

    Shuningdek, yil yakuniga qadar 4 000 dan ortiq fuqarolarning mazkur qurilish obyektiga ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.